Yaponiyada parranda grippi avj oldi
Olam
−
14:31 987 2 daqiqa
Yaponiyaning Aomori prefekturasida parranda grippi avj olgani sababli 230 ming bosh tovuq yo‘q qilinadi. Bu haqda “Kyodo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 32 ta parrandachilik fabrikasi atrofida 10 kilometr radiusdagi taqiqlangan hududlar belgilangan. Hozirda Aomori prefekturasi hukumati 230 ming tovuqni yo‘q qilishga kirishishga majbur bo‘lmoqda.
Ekspertlar kasallikning tarqalish ehtimoli iqtisodiyotga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Ayniqsa, 2023 yilgi vaziyat bozorda og‘ir iz qoldirgan: o‘shanda parrandalarning ommaviy yo‘q qilinishi Yaponiyada tovuq tuxumi narxining 1991 yildan beri rekord darajada sakrashiga olib kelgan. Narxlar o‘tgan yilga nisbatan 76 foizga oshgan, bu esa iste’molchilar orasida katta sarosimaga sabab bo‘lgan. Shu munosabat bilan Tokiodagi ayrim supermarketlarda tuxum sotib olish bo‘yicha cheklovlar joriy etilgan.
Ma’lumot uchun, parranda grippi – asosan qushlar orasida tarqaladigan, lekin ba’zi turlari insonlar uchun ham xavfli bo‘lgan o‘tkir yuqumli virusli kasallikdir. Virusning asosiy tashuvchilari yovvoyi suv qushlari (o‘rdak, g‘ozlar) hisoblanadi. Ular o‘zlari kasallanmasa-da, virusni uzoq masofalarga tashiydi. Uy parrandalariga (tovuq, kurka) yovvoyi qushlarning chiqindilari yoki ifloslangan suv va ozuqa orqali yuqadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda ilgari uchramagan yangi turdagi yashur kasalligi (chorva orasida tez yuqadigan virus) aniqlangan edi. Zararlangan barcha hayvonlar yo‘q qilingan va fermalarda to‘liq dezinfeksiya ishlari o‘tkazilgan.
Live
Barchasi