Yaponiyada baliq 3,2 mln dollarga sotildi

Bu qiziq

image

Kecha, 5 yanvar kuni Yaponiyadagi baliq auksionida ko‘k tunets rekord darajadagi qimmat narx – 3,2 mln dollarga sotildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, og‘irligi 243 kilogramm bo‘lgan ko‘k tunets 510 million iyenaga (3,2 mln dollar) sotilgan. Baliq Yaponiyaning shimolidagi Aomori prefekturasi akvatoriyasida tutilgan. Ushbu summa 1999 yil yanvarida o‘rnatilgan rekorddan ham yuqori bo‘lgan. O‘shanda tunets 333,6 million iyenaga (2,9 mln dollar) sotilgan.

Qayd etish joiz, Tokiodagi auksionlarda bunday yirik xarajatlar mahalliy restavratorlar uchun nufuz masalasi hisoblanadi. Shuningdek, yilning ilk savdolarida asosiy lotni xarid qilish biznesda omad keltiradi, degan e’tiqod ham mavjud.

Auksion g‘olibi mashhur Sushi Zanmai restoranlar tarmog‘iga egalik qiluvchi Kiyomura Corp. kompaniyasi bo‘lgan. Uning rahbari Kiyosi Kimura ko‘p yillardan buyon ushbu savdolarda qatnashib keladi va bozorda taniqli shaxsga aylangan. Yaponiyada uni yilning ilk oviga doimiy ravishda rekord narxlar taklif qilgani uchun “tunets qiroli” deb atashadi. 

Kimuraning so‘zlariga ko‘ra, narx kutilganidan ancha yuqori bo‘lgan.

“Biroz arzonroq sotib olamiz, deb o‘ylagandim, ammo narx keskin oshib ketdi”, deydi u jurnalistlarga.

Avval ham tadbirkor bir necha bor rekord o‘rnatgan. Jumladan, 2012 yilda u tunetsni 56,5 million iyenaga (taxminan 707 ming dollar), 2013 yilda 155 million iyenaga (1,59 million dollar), 2019 yilda esa 333,6 million iyenaga (3,06 million dollar) sotib olgan.

Toyosu bozorida yilning ilk auksion savdosi an’anaviy tarzda katta qiziqish va keskin oshib boruvchi stavkalar bilan o‘tadi. Yapon madaniyatida yil boshida omadli xarid qilish biznesga muvaffaqiyat olib keladi, degan e’tiqod mavjud.

Savdolar yakunlangach, qimmatbaho o‘lja darhol bo‘laklanib, Sushi Zanmai restoranlari mijozlariga tortiq etilgan. Tashrif buyurganlardan biri jurnalistlarga bunday taomni yilni omad bilan boshlash ramzi deb bilishini aytgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Formula-1” afsonasi Mixael Shumaxerning 1992 yilgi Benetton Ford B192 poyga mashinasi kimoshdi savdosiga qo‘yilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya auktsion ko'k tunets Baliq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing