Yaponiyada qor yog‘ishi oqibatida 16 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
27 yanvar 1935 2 daqiqa
Kecha, 26 yanvar kuni Yaponiyada kuchli qor yog‘ishi oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Report” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning g‘arbiy va shimoliy hududlarini qamrab olgan kuchli qor bo‘ronlari katta fojialarga sabab bo‘lmoqda.
Tabiiy ofatdan eng ko‘p jabrlangan hududlar – Niigata va Akita prefekturalari bo‘lib, bu yerda 11 va 4 fuqaro halok bo‘lgan. Yana bir o‘lim holati Yamagata prefekturasida qayd etilgan.
Bunday ofatlar uchun xos bo‘lgan fojeali holatlar takrorlanmoqda: ayrim odamlar tomlardan og‘ir, ho‘l qorlarni tozalash chog‘ida yiqilib ketgan, boshqalari esa yo‘llar va yo‘laklarni bir necha metrli qor uyumlaridan tozalash vaqtida kuchli jismoniy zo‘riqishga dosh bera olmagan.
Tibbiy xizmatlar faqat ushbu uch prefekturaning o‘zida qariyb 120 nafar jabrlanuvchi haqida xabar bermoqda. Ularning ko‘pchiligi turli jarohatlar olgan yoki sog‘lig‘i keskin yomonlashgani sababli shifoxonaga yotqizilgan.
So‘nggi kunlarda Niigata, Akita, Yamagata, Simane prefekturalari hamda Xokkaydo orolini qamrab olgan qor fronti kundalik hayotni deyarli falaj holatga keltirgan. Yuzaga kelgan tartibsizlik va qiyinchiliklarning yaqqol ramziga Sapporodagi Shin-Titose xalqaro aeroporti aylandi.
56 ta aviaqatnov bekor qilingani sabab minglab yo‘lovchilar va sayyohlar aeroportda tunashga majbur bo‘lgan. Odamlar chamadonlar ustida yotib, aviakompaniyalardan ma’lumot kutgan holda terminallarda qolib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda qor yog‘ishi va sovuq bilan birga kelgan bo‘ron oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘lgandi.