Yaponiya-Xitoy munosabatlari keskinlashdi. Tokio fuqarolarini ogohlantirdi
Olam
−
27 yanvar 4310 2 daqiqa
Yaponiya va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar yana jiddiy tus oldi. Yaponiya rasmiylari o‘z baliqchilarini Xitoy da’vo qilayotgan bahsli hududlardan uzoqroq yurishga chaqirmoqda. Bu haqda bugun, 27 yanvar kuni “Reuters” xabar berdi.
Nashring yozishicha, gap Sharqiy Xitoy dengizidagi Senkaku (Xitoyda Diaoyu) deb ataladigan orollar atrofidagi hududlar haqida ketmoqda. Ushbu orollar Yaponiyaning nazoratida bo‘lsa-da, Xitoy ham ularga da’vo qilib keladi. Shu sababli bu hududlar ikki davlat o‘rtasidagi eng keskin nuqtalardan biri hisoblanadi.
76 yoshli yapon baliqchisi Xitoshi Nakama ushbu bahsli hududlarda yillar davomida baliq ovlab kelgan. Uning aytishicha, u tez-tez Xitoy qirg‘oq qo‘riqlash kemalari bilan to‘qnash kelishga majbur bo‘lgan. Biroq o‘tgan yil oxiridan boshlab Yaponiya rasmiylari uni va boshqa baliqchilarni Pekin bilan ziddiyat kuchayib ketmasligi uchun bu hududlardan chetda yurishga chaqira boshlagan.
Bu holat Tokioning oldingi yillardagi siyosatidan keskin farq qiladi. Avvallari ayrim baliqchilar aynan shu safarlar orqali Yaponiyaning odam yashamaydigan orollar va ularning atrofidagi dengizlar ustidan nazoratini namoyish etib kelgan.
Munosabatlarning yomonlashuviga Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining 2025 yilning noyabr oyida Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumi haqida bildirgan bayonotlari ham sabab bo‘lgan. Bu fikrlar Pekinning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Keyinroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ham Tokio rasmiylarini vaziyatni yanada keskinlashtirmaslikka chaqirgan.
Rasmiy manbalarga ko‘ra, baliqchilarga berilayotgan ogohlantirishlar Yaponiya hukumatining o‘z tashabbusimi yoki AQSHning tavsiyasi bilan amalga oshirilganmi – hozircha aniq emas. Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi bu masala bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, orollar Yaponiyaning ajralmas hududi ekanini va Xitoyga bir necha bor diplomatik norozilik bildirganini ma’lum qilgan.
Mutaxassislarning fikricha, baliq ovlash Yaponiyaning hududiy da’vosini mustahkamlashi mumkin, biroq bu Xitoy qirg‘oq qo‘riqlash kemalari bilan jiddiy to‘qnashuvlarga olib kelish xavfini ham oshiradi. Shu bilan birga, ayrimlar Tokioning chekinishi Xitoyni o‘z da’volarini yanada faol ilgari surishga undashi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa ayrim yapon millatchilari bahsli hududlarga ataylab “provokatsiya maqsadida” baliq ovlash bahonasi bilan kirib borayotganini ta’kidlab, dengizdagi muammolar faqat muloqot va muzokaralar orqali hal qilinishi kerakligini bildirgan. Shu tariqa, Senkaku orollari atrofidagi vaziyat Yaponiya va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarda yana bir bor keskinlashuvga sabab bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy fuqarolarini Yaponiyaning eng uzun davlat ta’tili – Yangi yil bayrami vaqtida ushbu mamlakatga safar qilmaslikka chaqirgandi.