Yaponiyalik olimlar barcha qon guruhlariga mos keladigan sun’iy qon yaratdi

Salomatlik

image

 Yaponiyaning Nara tibbiyot universiteti professori Hiromi Sakai boshchiligidagi olimlar guruhi yangi turdagi, istalgan guruhdagi bemorlarga quyilishi mumkin bo‘lgan sun’iy qon ishlab chiqdi. Bu haqda “Tokyo Weekender” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sun’iy qon ishlab chiqarish uchun donorlik muddati o‘tgan qondan temir saqlovchi, kislorod tashuvchi oqsil – gemoglobin ajratib olinadi. So‘ngra u himoya qobig‘i ichiga joylashtirilib, barqaror, virusdan xoli sun’iy eritrotsitlar (qizil qon tanachalari) yaratiladi. Bu sun’iy hujayralar hech qanday qon guruhiga ega bo‘lmagani sababli, moslikni tekshirish zarurati yo‘q.

Qayd etilishicha, ushbu sun’iy qon xona haroratida 2 yilgacha, sovitkichda esa 5 yilgacha saqlanishi mumkin. Bu esa donor qoni bilan solishtirganda ancha yaxshi ko‘rsatkich, chunki donor eritrotsitlari muzlatkichda atigi 42 kungacha saqlanishi mumkin.

Sun’iy qonning kichik miqyosdagi sinovlari 2022 yilda boshlangan. 20 dan 50 yoshgacha bo‘lgan sog‘lom erkaklardan iborat 3 ta guruhga 100 millilitrgacha sun’iy qon tomir ichiga yuborilgan. Ba’zi ishtirokchilarda yengil nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgan, biroq hayotiy belgilar, jumladan, qon bosimida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lmagan. Ushbu muvaffaqiyatga tayanib, o‘tgan yilning iyul oyida Sakai jamoasi tadqiqotlarni tezlashtirishini e’lon qilgan. Mart oyida esa ko‘ngillilarga 100 dan 400 millilitrgacha sun’iy qon eritmasi yuborila boshlangan.

Agar hech qanday salbiy ta’sir aniqlanmasa, keyingi bosqichda ushbu davolash usulining samaradorligi va xavfsizligi o‘rganiladi. Sun’iy eritrotsitlarni amaliyotga 2030 yilgacha joriy etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Tokio markazidagi Chuo universitetining Fizika va muhandislik fakulteti professori Teruyuki Komatsu ham qon bosimini barqarorlashtirish, qon ketishi va insult kabi holatlarni davolash uchun albuminli gemoglobin asosida sun’iy kislorod tashuvchilar ustida ishlamoqda. Hozircha hayvonlar ustida olib borilgan sinovlar ijobiy natija bergan, endilikda esa olimlar insonlar ustida sinovlarni boshlashga tayyorlanmoqda.

Ma’lumot uchun, sog‘liqni saqlashning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan qon quyish amaliyoti har kuni butun dunyo bo‘ylab ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qilishi mumkin. Ammo past va o‘rta daromadli mamlakatlarda yetarli qon zaxirasini saqlab turish oson ish emas. O – rezus manfiy qon guruhi (universal donor turi) uchun talab odatda yuqori bo‘ladi, shu bilan birga donor qonining yaroqlilik muddati ham cheklangan. Shuning uchun ham, sun’iy qon amaliyoti butunlay tadbiq etilsa, ko‘plab muammolar bartaraf etilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NHSBT Xalqaro qon guruhi referent laboratoriyasi va Bristol universiteti olimlari MAL deb nomlangan yangi qon guruhi tizimini kashf qilgandi. Britaniyalik tadqiqotchilar tomonidan ishlab chiqilgan yangi tizim qon guruhlarini MAL oqsili orqali uzatiladigan AnWj antigeni bo‘yicha tasniflashga asoslangan. Olimlarning fikricha, musbat genotipli odamlardan AnWj manfiy genotipli kishilarga qon quyilganda salbiy reaksiya yuzaga kelishi mumkin.

Jaloliddin Rahmonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Yaponiya olimlar Sun'iy qon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing