Jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘ramiz – Ermatov
Sport
−
14:13 1063 2 daqiqa
Kecha, 5 dekabr kuni futbol bo‘yicha Jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Portugaliya, Kolumbiya va Yamayka/Kongo/Yangi Koledoniya o‘tish o‘yini g‘olibi bilan birga “K” guruhidan joy oldi. Marosimdan so‘ng O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov o‘z fikrlarini bildirdi.
“Juda hayajonli qur’a marosimi bo‘lib o‘tdi. Portugaliya, Kolumbiya hamda Kongo, Yamayka va Yangi Kaledoniya uchrashuvlarining g‘olib jamoasi bilan bir guruhdan o‘rin oldik. Albatta, Jahon chempionati biz uchun birinchi tajriba hisoblanadi. Ishonamizki, jamoamiz yaxshi tayyorgarlik ko‘radi va chiroyli o‘yinlari bilan xalqimizni xursand qilib, keyingi bosqichga chiqish vazifasini uddalaydi. Jahon chempionatida oson o‘yin bo‘lmaydi, bir-biridan qiziq uchrashuvlar bizni kutib turibdi. Shu sababli, puxta tayyorgarlik ko‘ramiz. Eng muhimi, muxlislarimiz turnirdan zavqlanishadi va birinchi ishtirokimiz ular uchun esda qolarli bo‘ladi”, deydi Ravshan Ermatov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatini 2026 yil 17 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi bahs bilan boshlaydi. Navbatdagi uchrashuv 23 iyun kuni Ronaldu yetakchiligidagi Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tsa, guruh bosqichining so‘nggi bahsi 27 iyun kuni o‘tish o‘yini g‘olibiga qarshi o‘tkaziladi. Uchrashuvlarning qaysi stadionlarda bo‘lib o‘tishi bugun, 6 dekabr kuni e’lon qilinadi.