Jizzaxda advokat 6 ming dollar bilan ushlandi
3-sahifa
−
13 Sentabr 5852 1 daqiqa
Manzil-koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumni ozod qilish evaziga 6 ming dollar talab qilgan advokat va uning sheriklari qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Jizzax shahrida mahalliy advokatlik hay’ati advokati o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda, Mirzacho‘l tumanida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan o‘zaro til biriktirib, Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi manzil-koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan mahkumni Jizzax viloyat sud tizimidagi tanishlari orqali oqlov hukmi asosida muddatidan oldin ozodlikka chiqarib berish evaziga 6 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari hamkorligida Jizzax shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasining katta yordamchisi 3 mln 800 ming so‘m pora bilan qo‘lga tushgandi.
Live
Barchasi