Jizzaxda alimentdan qochgan erkak qaynonasinikidan topildi

3-sahifa

image

Jizzax viloyatida farzandlarini moddiy ta’minlashdan qasddan bo‘yin tovlab, davlat ijrochisidan yashirinib yurgan qarzdor ikkinchi xotinining onasinikidan topildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, byuroning Zomin tumani bo‘limi tomonidan qarzdor G.R. ga nisbatan aliment to‘lovlarini amalga oshirmagani sababli qidiruv e’lon qilingan.

Byuroning Jizzax viloyati boshqarmasi Qidiruv shu’basi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida u ikkinchi xotinining onasinikida uy ishlari bilan shug‘illanib yurganida topilgan.

Erkakning alimentdan qarzdorligi 62 million so‘mdan oshgan bo‘lib, qarzdor davlat ijrochisiga topshirilgan. 

Qizig‘i shundaki, u qidiruv paytida oyog‘idagi shippagini almashtirish bahonasida yana qochishga uringan, ammo bu safar undan omad yuz o‘girgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada aliment to‘lashdan qochib, parda ortiga yashiringan ota qamalgandi. O‘tgan yili Qashqadaryoda aliment to‘lamasdan qochib yurgan erkak uyidagi ko‘rpalar tagidan, Namanganda va Surxondaryoda uy yerto‘lasidan, Xorazmda tovuq fermasidan, Farg‘ona shahrida tungi klubdan, Andijonda xolasining va Buxoroda buvisining uyidan topilgandi. Shuningdek, ilgariroq Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan ota ukasining nikoh to‘yida ushlangandi. Andijon viloyatida esa aliment to‘lashdan qochib yurgan ota o‘z uyining qurilishi tugallanmagan hududida, shifer ortidan topilgan. Samarqand viloyatida esa aliment to‘lashdan qochib yurgan ota shkaf ichidan chiqqan.


Maqola muallifi

Teglar

Jizzax aliment Zomin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing