Hurlarga qullik da’vosi, Zelenskiyni qutlagan Mirziyoyev, Netanyaxuga musht urgan Erdo‘g‘an, Trampning G‘azo uchun sirli rejasi – fitnalarga to‘la hafta
Tahlil
−
30 avgust 9939 16 daqiqa
O‘zbekiston Mustaqilligining 34 yilligini nishonlamoqda. Ayni vaqtda mamlakat Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkor sifatida ko‘rilmoqda. Respublika aholisi 38 milliondan oshdi, yil yakunida yalpi ichki mahsulot 130 milliardga yetishi kutilmoqda. Oltin-valyuta zaxirasi tarixda ilk bor 48 milliard dollardan oshdi. Iqtisod 6 foizdan yuqori sur’atlarda barqaror o‘sayotganini aytmoqda tahlilchilar. Ayni vaziyatda bizga sovet ittifoqini, mustamlakani, istibdodni eslatguvchilar, go‘yo haddimizdan oshayotganimizga shama qilguvchilar ko‘p va xo‘p topilyapti. Xur respublikaning odamlarini qulga teng qilyapti. Hafta voqealarining navbatdagi soni e’tiboringiz markazida va bugun sizni, bizni qiynagan masalalardan tortib, hafta davomida sodir bo‘lgan voqealargacha atroflicha ko‘rib chiqamiz.
Mirziyoyev Zelenskiyni tabrikladi. Rossiya TIV bunga munosabat bildirdi
Shu kunlarda eski sovet mamlakatlarining barchasida istibdodga barham berilgan kun, xurlik kuni, o‘z tuprog‘iga, tiliga, diniga, qadriyatlariga, tarixiga, g‘ururiga egalik kun – Mustaqillik bayrami nishonlanmoqda. 24 avgust kuni Ukrainada bu bayram uchinchi yil Putin Rossiyasining bosqini davom etayotgan pallada nishonlandi. Bayram munosabati bilan rasmiy Kiyevga dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan tabriknomalar keldi. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yo‘llagan maktub ham bor edi.
Ha, Prezident Mirziyoyev Ukrainaga Mustaqillik kuni munosabati bilan birinchi marta tabrik yo‘llamayotgani aniq. Ammo an’anaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saytida yoki uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida emas, balki Vladimir Zelenskiyning X tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilindi. 2022 yilda – Rossiya Ukraina hududlariga bostirib kirgan yilda ham shunday bo‘lgandi. O‘shanda ham Prezident Shavkat Mirziyoyev Zelenskiyni tabriklagan, ammo bu tabrik xati O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi saytida e’lon qilingan.
“Ukrainaning milliy bayrami — Mustaqillik kuni munosabati bilan sizni va butun Ukraina xalqini samimiy muborakbod etaman. Ishonchim komilki, davlatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va uzoq muddatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan aloqalar kelgusida ham xalqlarimiz umumiy manfaatlari yo‘lida rivojlanib boraveradi. Fursatdan foydalanib, sizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, ukrain xalqiga esa tinchlik-omonlik va farovonlik tilab qolaman”, deyiladi tabrikda.

Zelenskiy esa Mirziyoyevning qutloviga: “Ishonchim komilki, davlatlarimiz bundan buyon ham Ukraina va O‘zbekistonning do‘stligi farovonligi yo‘lida samarali hamkorlikni rivojlantirib, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlab boraveradi. Ukrainaning hududiy yaxlitligi va ukrainalik bolalarning O‘zbekistonda hordiq chiqarishi bo‘yicha insonparvarlik tashabbuslari bo‘yicha pozitsiyangizni yuqori baholayman”, deya javob qaytardi.
O‘zbekiston Qrim anneksiyasini tan olmaydi. Qolaversa, 2022 yilning 24 fevralida Ukrainaga hujum qilinishi, Lugansk va Donetskni egallab olishi ortidan o‘sha yilning 17 mart kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatida chiqish qilgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkent o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasini tan olmasligi, Ukrainaning hududiy yaxlitligini esa qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi. Shundan so‘ng, Komilovning xorijda davolanayotganiga oid xabar chiqdi, Senatdagi yig‘ilishdan naq 40 kun o‘tib, 1994 yildan 2003 yilgacha va 2012 yildan 2022 yilgacha ikki marta Tashqi ishlar vaziri lavozimini egallagan Komilov ishdan ketdi.
Bunday holatlar boshqa postsovet respublikalarini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Qayerdaki, Rossiyani bosqinchi deb atalsa, qayerdaki Ukrainaning hududiy yaxlitligi e’tirof etilsa, o‘sha yerda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan hodisalar sodir bo‘ldi.
Xullas, Prezident Mirziyoyevning Kiyevga tabrik yo‘llashi, qolaversa, Moskvada munosabatsiz qolmadi. Shuningdek, “O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik” mavzusida 18 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi uchrashuv ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida Ozarbayjon Markaziy Osiyo va Yevropani bog‘lashda strategik ko‘prik vazifasini bajarib kelayotgani haqidagi gaplari ham Moskvada munosabatsiz qolmadi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining an’anaviy brifinglarida vazirlik korchaloni Mariya Zaxarova go‘yo Mirziyoyevning murojaati va Zelenskiyga tabrigi xususida savolga tutildi.
“O‘zbekiston Respublikasi suveren davlat ekanini eslatib o‘tmoqchiman. U boshqa masalalar qatori yaqin va uzoq qo‘shnilar bilan yaxshi qo‘shnichilik va konstruktiv munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosatini mustaqil belgilaydi va olib boradi”, dedi diplomat.
Zaxarova Rossiya O‘zbekiston bilan aloqalarini, jumladan, MDH, SHHT, BMT va YeOIIdagi hamkorlikni qadrlashini qo‘shimcha qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar do‘stona va o‘zaro manfaatli, shuningdek, har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik maqomi va xarakteriga ega.
Ochig‘ini aytsam, men bu savol brifingda shunchaki yangraganiga ishonmayman. Chunki bir mustaqil davlat rahbarining boshqa mustaqil davlat Prezidentini mustaqillik kuni bilan tabriklashini, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni va bu bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirga yo‘llangan murojaat matnini savolga tutish kimning hadddi bo‘ldi? Qaysi farosatli jurnalist bu savolni bergan? Ularga nima? Shukrki, O‘zbekistonning ishlariga burnini suqib turadigan Zaxarova bu safar bu respublika allaqachon mustaqilligini va istagan davlati bilan istaganicha hamkorlik qilishi mumkinligini unutmabdi. Unutmabdiku-ya, lekin Zaxarovaning bunday hadsizliklariga ko‘p guvoh bo‘lganmiz, navbatdagisi ham o‘zini uzoq kuttirmasa kerak.
Rossiyada o‘zbek yigiti haqoratlandi
Rossiyada o‘zbek yigiti “Sen ruslarning qulisan”, deya haqoratlandi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda o‘tgan hafta oxirida tarqalib, bu hafta ham dolzarbligini yo‘qotmadi.
Hodisa Moskva viloyatining Ximki shahrida joylashgan “Solnechnaya sistema” nomli turarjoy majmuasida sodir bo‘lgani aniqlandi. Bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘zg‘or, bola-chaqa qayg‘usida Rossiyaga borib, taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonlik Baxtiyor ismli haydovchini haqoratlayotgan shaxs rus millatiga mansub bo‘lib, janjal chiqargan vaqtida spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan va uy oldida to‘xtab, yo‘lovchisini tushirayotgan taksi haydovchisini haqoratlay ketgan. Haydovchi esa uning provakatsiyasi qurboni bo‘lishni xohlamay, unga bosiqlik bilan javob qaytargan. Mast erkak esa avvaliga o‘zining Rossiyaning Ukrainaga bosqinini xastpo‘shlovchi “maxsus harbiy operatsiya” ishtirokchisi ekanini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgan, bu go‘yo menga hamma narsa mumkin, degandek. Bu ham yetmagandek, yonidan pichoq chiqarib, haydovchiga o‘qtalgan. Videoda haydovchi bosiqlik bilan “pichog‘ingni ol” deyayotganini eshitish mumkin.
Mazkur holat bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi, Migratsiya agentligi hech qanday munosabat bildirgani yo‘q. O‘zbekistonning qaysi bir burchagidagi maktabda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida chiqqan kelishmovchilikka burnini tiqib turadigan Zaxarova, o‘z xalqining boshqa xalqlarga nisbatan millatchiligi, adabsizligi va qonunsiz xatti-harakatlariga kelganda mum tishlab turibdi.
Hafta o‘rtasida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qilgan Baxtiyor Saidov ham mavqedoshining oldiga ushbu masalani ko‘ndalang qo‘yolmadi.
QALAMPIR.UZ hafta boshida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bilan bog‘lanib, shu bo‘yicha izoh so‘radi. O‘sha kunlarda Burhonovning bildirishicha, videodagi erkakning O‘zbekiston fuqarosi ekani rasman tasdig‘i topmagan va O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalariga yoki huquq-tartibot organlariga hech qanday shikoyat kelib tushmagan.
Oradan ko‘p o‘tmay, Tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqib, O‘zbekiston fuqarolari dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lishidan qat’i nazar davlat himoyasida ekanini eslatdi.
“Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Konstitutsiyasi, milliy qonunlar va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari hamda normalariga asosan, O‘zbekiston fuqarolari dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lishidan qat’i nazar davlat himoyasida ekanini ta’kidlaydi.
Agar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari yoki qadr-qimmati xorijda buzilsa, ular darhol qabul qiluvchi davlatning vakolatli huquq-tartibot organlariga murojaat qilishlari zarur. Shuningdek, fuqarolar O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga huquqiy va konsullik yordami so‘rab murojaat qilishi mumkin”, dedi TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov.
TIV, Migratsiya agentligi, O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari videoda haqoratlangan shaxs kimligi, qaysi mamlakat fuqarosi ekanini aniqlay olmagan bo‘lsa-da, faollar jonbozlik ko‘rsatib, uni topishga, O‘zbekiston fuqarosi ekanini tasdiqlashga va hatto ismini Baxtiyor deb tanishtirgan o‘zbekistonlikdan intervyu olishga ham erishdi.
Bu Rossiyada migrantlarning birinchi marta haqorat va tahqirlashga uchrashi emas. Bundan avval ham bundan battar holatlar sodir bo‘lgan, sodir bo‘lganda ham aynan davlatning xavfsizlik kuchlari tomonidan migrantlarga hayvondek munosabat qilingan. Davlatning o‘zi inson qadr-qimmati, uning huquqlarini poymol qilib, odamlar cho‘milayotgan hammomgacha kamera va miltiq bilan kirib kelayotgandan keyin odamlardan, yana o‘zini bosqinchilikni harbiy amaliyot tushunchasi bilan niqoblayotganlardan nima kutish kerak?
Migrantlar, ular orqali butun millatga nisbatan bo‘layotgan haqorat va tahqirlov davlat tomonidan jiddiy qarorlar olish, aloqalarni qayta ko‘rib chiqish, muhim masalalarda signal berish vaqti kelganini anglatmaydimi? Albatta, katta ehtimol bilan provokatsiya. Albatta, biz oldimizga qo‘yilayotgan qopqonga tushishimiz xavfi ham yo‘q emas. Qulsan, degan ishonch bilan aytilayotgan haqoratning aynan mustaqillik kuni arafasida yangrashi ham bejiz emasdir, balki. Bu voqea ortida hali biz bilmagan nimalar va kimlar bor, bunisini Xudo biladi. Ammo bilganim shu, millat o‘laroq tiklanish, uyg‘anish, yuksalish kerak, nolishdan, noshukurlikdan, divanda kimnidir yomonlab izoh yozib, umr o‘tkazishdan qutilish kerak.
Andijonda janjal. IIO xodimi esa tomoshabin
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Asaka tumanida bir guruh shaxslar janjallashayotgani va unda ikki erkakning jiddiy jarohat olgani, do‘pposlayotgan shaxslar atrofdagilarning qarshiligi va nasihat qilishiga qaramay, yerda xushsiz yotgan jabrlanuvchilarni qayta-qayta urayotgani, tepayotgani va ushbu xatti-harakatini videoga olayotgani aks etgan tasvirlar tarqaldi. Ayni shu holat sodir bo‘layotgan vaqtda esa atrofda Ichki ishlar xodimi formasidagi shaxs ham bo‘lgani videoda aks etgan, biroq u zo‘ravonlarga qarshilik ko‘rsatmagan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, ushbu voqea joriy yilning 8 iyun kuni sodir bo‘lgan. Viloyatning Asaka tumanida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan yigit tonggi soat 4:30 larda Asaka tumani, Qadriyat mahallasi hududida fuqarolarning tinchini buzib, 2003 va 2002 yilda tug‘ilgan sheriklari bilan 2004 yilda tug‘ilgan yigitni o‘zaro kelishmovchilik ortidan urib, do‘pposlab, unga yengil tan jarohati, 1997 yilda tug‘ilgan yana bir fuqaroga esa o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazgan. Ammo videodan ko‘rinadiki, yerda yotgan yigitlarning jarohati bayonotda aytilganidek, yengil va o‘rta darajadagi jarohatlar emas va aynan bayonotning shu qismi kishida shubha uyg‘otadi. Chunki yigitlar tomonidan do‘pposlanganlar qonga belangan, kamiga xushini yo‘qotgan, mushtumzo‘rlar shu ahvoldagi odamni ham uryapti, teyapti, ularni istagan ko‘yiga solyapti.
Ushbu holat ortidan shu kunning o‘zida fuqarolar uch zo‘ravonga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchilarga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari tamomlanib, joriy yilning 8 iyul kuni ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tumani sudi tomonidan 27 avgust kuni sudlanuvchilarning har biriga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Bor-yo‘g‘i ozodlikni cheklash! Bilasizmi, bu nima degani? Birovni vahshiylarcha do‘pposlashning badali bor yo‘g‘i muayyan vaqtlardagina ko‘chaga chiqish, masalan tungi soat 10 dan keyin uydan chiqmaslikni anglatadi.
Biroq, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi zo‘ravonlik sodir etilayotgan vaqtda Ichki ishlar xodimi nima uchun qo‘l qovushtirib turgani, nega qarshilik ko‘rsatmagani va unga bu beparvoligi uchun qanday chora ko‘rilganiga aniqlik kiritmagan. QALAMPIR.UZ bu masalaga e’tibor qaratsa-da, Ichki ishlar vazirligidan ham, viloyat ichki ishlar boshqarmasidan ham sado chiqqani yo‘q.
Jizzaxda erkak farzandlarini ayovsiz do‘pposladi
O‘zbekistonda yiliga qariyb 1 million bola tug‘ilyapti. Bolajon xalqmiz, birovning bolasiga ham quchoq ochib, boshini silagan xalq edik. Ammo bugun bolalarga ko‘rsatayotgan zulmimiz, o‘z bolamizni o‘lasi qilib kaltaklashda ham peshqadammiz. Hech qaysi mamlakatda ommaviy axborot vositalari ota-ona oilaviy mojarolar, ijtimoiy hayotdagi yo‘qchilikning alamini boladan olayotgani, uni do‘pposlayotgani haqida o‘zbekistondagi medialar kabi ko‘p xabar e’lon qilmaydi. Nega, bilasizmi? Chunki ularda farzand bizdagi kabi o‘yinchoq emas, chunki bola qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y oldida yuzni yorug‘ qiladigan vosita emas, chunki bola o‘lim to‘shagida yotgan buvining shu nabiramning ham bolasini ko‘ray degan orzu-havas emas, chunki bola ota-ona janjalida undan-bunga oshirilib, sarson qilinadigan futbol to‘pi emas. Bola mas’uliyat, bola majburiyat, bola huquq degani. Agar bolaga bizdagidek munosabat boshqa mamlakatlarda bo‘lsa bormi, ota-onalik huquqidan mahrum qilish ham, panjara ortiga tashlash ham qolmaydi. Bizda-chi? Maksimum tushuntirish ishlari olib boriladi. Yo biror ota-ona bolasini nogiron qiladigan darajada do‘pposlagani uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilinganini siz eshitdingizmi? Men eshitmadim. Lekin bolasini ayovsiz kaltaklayotgan marazlar haqida kunda-kunora eshitaman.
Ijtimoiy tarmoqda ota voyaga yetmagan qizini vahshiylarcha urayotgani, tepayotgani aks etgan videoni ko‘rganimdan buyon o‘zimni bosolmayman. Qizning dod solib, bo‘ldi, deb yolvorishiga qaramay, otaning oyog‘i goh uning boshiga tushyapti, goh biqiniga. Kamiga shaloq og‘zi bilan qizni tinmay haqorat qilyapti. Videoni ko‘rib, bunaqalarni ham yer ko‘tarib yuribdi-da, deb yuborasan kishi.
Aniqlanishicha, holat Jizzax viloyatida sodir bo‘lgan. QALAMPIR.UZ voqea haqida bong urib, videoni va mavjud ma’lumotlarni Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakiliga va Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yetkazdi. Zudlik bilan otaga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishi hamda bolalarni xavfsiz muhitga olinishi, ularga zarur psixologik, ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilishi bo‘yicha ichki ishlar organlari va Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan harakat boshlandi. Jizzax viloyati IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bolalar oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi va davlat himoyasiga olindi.
Erkak bolalarga ushbu zo‘ravonlikni turmush o‘rtog‘i xorijda ishlayotgani sababli qilgan bo‘lib chiqdi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi ayni vaqtda bolalarning onasini O‘zbekistonga qaytarish choralarini ko‘rmoqda.
G‘azoda genotsid davom etmoqda
Allaqachon dunyo nizomini boshqarolmay, ta’sirsiz tashkilotga aylanib qolgan, Ukrainaga bosqin uchun Rossiyadan hisob so‘rolmagan, G‘azodagi qirg‘inni tomoshabin bo‘lib kuzatayotgan, Myanma musulmonlarning qoni oqishiga bayonot berishdan boshqasiga yaramagan, 8 milliard aholining taqdirini bir hovuch o‘lkaning qosh-qovog‘iga qarab hal qilayotgan BMTdan umid kun sayin kesilyapti. Shunga qaramay, tashkilot balandparvoz bayonotlarda davom etmoqda.
Tashkilotning 500 dan ortiq xodimi Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk va Bosh kotib Antoniu Guterrishga murojaat qilib, Isroilning G‘azodagi harakatlarini “genotsid” deb tan olishni talab qildi. Murojaatda urushning ko‘lami va shafqatsizligi xalqaro huquqda belgilangan “genotsid” ta’rifiga to‘liq mos kelishi aytilgan.
Murojaatchilarning ogohlantirishicha, BMTning “ko‘zlarini yumib”, bamaylixotir sukut saqlashi tashkilot obro‘sini battar yo‘qotishi mumkin. Xodimlar Sharqiy Afrikada joylashgan Ruanda mamlakatidagi 1994 yilgi voqealarni xotirlab, o‘sha paytda ham “genotsid” sodir bo‘lgani, lekin BMTning harakatsiz qolganini eslagan. Ko‘ryapsizmi, BMTdan hatto o‘z xodimlari ham norozi. Lekin tashkilot mag‘rur. Hech baloni ham eplolmasa-da, o‘zining 80-shonli Bosh Assambleya yig‘ilishiga hozirlik ko‘rmoqda.
Xo‘sh, BMT xodimlarining G‘azodagi harakatlarni “genotsid” deb tan olish taklifiga nisbatan qanday javob berilganiga to‘xtalaymi? Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish taklifni qo‘llab-quvvatlagan, ammo rasmiy ravishda “genotsid” deb atash faqat Xalqaro sud vakolatida ekanini aytgan.
Bu orada vaziyatdan xabardor bo‘lgan Isroil xodimlarning da’vosini rad etib, ularni doimgidek “asossiz ayblovlar” deb atagan. Tashqi ishlar vazirligi mamlakat “o‘zini himoya qilayotgani”ni bildirgan.
Bir nechta tashkilot va BMTning mustaqil ekspertlari Isroil tajovuzini allaqachon “genotsid” deb atagan, ammo BMT rasmiy ravishda bu so‘zni ishlatmayapti. Janubiy Afrika tomonidan Xalqaro sudga kiritilgan da’vo esa haligacha ko‘rib chiqilmagan.
Xalqaro tashkilot Isroilning G‘azodagi to‘xtamayotgan harakatlarini “genotsid” deyishga tili bormayotgan bir vaqtda, hudud ochlik va o‘lim iskanjasida qolgan. Yosh bolalarning o‘limi soat sayin oshib bormoqda. Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar esa Isroilni turli bayonotlar bilan ayblay olyapti, xolos.
2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning xalqaro huquqqa zid hujumlari oqibatida G‘azoda 63 025 kishi halok bo‘ldi, asosan, ayollar va bolalar qurbon bo‘lgan, 159 490 kishi yaralangan. Isroil blokadasi va G‘azo sektoriga uyushtirilgan hujumlar sabab ocharchilik falastinliklarning hayotiga zomin bo‘lishda davom etmoqda. Ochlikdan o‘lganlar soni 322 kishiga yetdi, ulardan 121 nafari bolalar.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa 27 avgust kuni Oq uyda G‘azo bo‘yicha sirli yig‘ilish o‘tkazdi. Unda urush va urushdan keyingi rejalar muhokama qilingan. Yig‘ilishda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler va Trampning kuyovi, Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq vakil Jared Kushner ham qatnashgan.
Tramp Oq uyning yetakchi mansabdorlari, Bler va Kushner bilan oziq-ovqat yordamini kuchaytirish rejasi, urushdan keyingi masalalar va boshqa mavzularni muhokama qilgan.
Kushner Trampning qizi – Ivankaga uylangan va Trampning birinchi prezidentlik muddatida Yaqin Sharq bo‘yicha asosiy maslahatchisi bo‘lgan. Bler esa 2003 yilgi Iroq urushi vaqtida Britaniya bosh vaziri bo‘lib, shu pozitsiyasi uchun keng tanqidga uchragan.
Tramp saylovoldi kampaniyasida G‘azodagi urushni tez tugatishga va’da bergan edi, biroq prezidentlikning ikkinchi muddatidan yetti oy o‘tib ham bu masala hal etilmadi. Uning yangi muddati ikki oylik otishmalar to‘xtashi bilan boshlangan, ammo 18 mart kuni Isroil zarbalarida taxminan 400 falastinlik halok bo‘lgach, kelishuv buzilgan.
Isroil OAV xabariga ko‘ra, Isroilning strategik ishlar vaziri Ron Dermer ham shu hafta Vashingtonda bo‘lgan. U Kushner va Bler bilan yaqin aloqalarga ega. Shu bois, Tramp ma’muriyati Isroil bo‘yicha qanday reja tuzayotgani, uning oqibatlari qanday bo‘lishi, hozircha noma’lum. Ilgari surilayotgan birlamchi taxminga ko‘ra, Isroil hujumidan keyingi reja G‘azoni qayta qurish, falastinliklarni yerlaridan chiqishlari uchun pul to‘lash rejasini o‘z ichiga oladi.
Turkiya esa Isroilning harakatlarini faqat qoralashdan bir pog‘ona oshib, amaliy ishga o‘tdi. Mamlakat Isroil bilan barcha iqtisodiy va savdo munosabatlarini to‘xtatdi hamda o‘z havo hududini Isroil samolyotlari uchun yopdi.
Turkiya parlamentining 29 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishida Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari, “genotsid” , Falastin xalqiga zulm, ocharchilik siyosati va mintaqadagi mavjud vaziyat muhokama qilinib, Isroilning uzoq yillik Falastin xalqini bosib olish, yo‘q qilish va qo‘shib olish siyosati so‘nggi ikki yil ichida, xususan, G‘azo sektorida genotsidga aylangani qoralandi.
Parlament tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya matnida Falastin hududlarida genotsid va mustamlakachilik jinoyatlarini sodir etganlarni javobgarlikka tortishga chaqirilgan. 1967 yilgi chegaralar doirasida geografik jihatdan birlashgan, mustaqil va suveren Falastin davlatini barpo etish adolatli va mustahkam tinchlikka erishishning yagona yo‘li ekani e’tirof etilgan. Sionistik rejim tomonidan musulmonlarning muqaddas qadamjolari, jumladan, Al-Aqso masjidiga qarshi uyushtirilgan hujum va fitnalarga chek qo‘yish zarurligi ta’kidlangan. Xalqaro hamjamiyat Isroil hukumati genotsid siyosatidan voz kechmaguncha BMT va xalqaro tashkilotlarga a’zolikni to‘xtatib turishga chaqirilgan.
Bundan tashqari, rezolyutsiyada barcha mamlakatlar parlamentlarini Isroil bilan har qanday harbiy va savdo aloqalarini to‘xtatish, Falastin xalqiga qo‘yilgan embargoni bekor qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rish, Isroilning bosib olingan Falastin hududlaridagi genotsid va mustamlakachilik siyosatini rad etish va qoralash, Falastin xalqining qonuniy huquqlarini himoya qilish, ikki davlat yechimi istiqbolini saqlab qolishga chaqirilgan.
Toshkentda ham Falastin masalasi ko‘tarildi. O‘zbekiston rahbari G‘azodagi qirg‘in, Falastin xalqiga yetkazilayotgan aziyat, Al-Aqso masjidiga hujumlarga befarq emas. Qirg‘in boshlanibdiki, O‘zbekiston Falastin davlatining yonidaligini aytib keladi, bir necha bor ijtimoiy yordam yuklari yuborildi, falastinliklar olib kelindi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha alohida hujjat qabul qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda ham Falastin haqida gapirishni unutmadi.
U Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega ekanini aytdi.
Prezident O‘zbekiston urush va ofatlar vaqtida og‘ir vaziyatga tushib qolgan begunoh insonlarga doimo beg‘araz yordam ko‘rsatib kelganini esladi. U mehr-oqibatli o‘zbek xalqi falastinliklarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qabul qilingan farmonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
Live
Barchasi