Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga bordi

Jamiyat

image

Bugun, 4 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahriga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Pulkovo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov, shahar gubernatori Aleksandr Beglov hamda boshqa rasmiylar kutib olgan.

Tashrif doirasida bugun O‘zbekiston yetakchisi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazadi hamda O‘zbekistonda birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi reaktorining qurilishini boshlash marosimida ishtirok etadi.

Ertaga, 5 iyun kuni davlat rahbari 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining asosiy tadbirlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonda Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi tomonidan barpo etilayotgan AESning birinchi energobloki qurilishini boshlab berishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.

Ma’lumot uchun, tomonlar O‘zbekistonda atom quvvatini yaratish bo‘yicha hukumatlararo bitimni 2018 yilda imzolagan. Unda har birining quvvati 1,2 gigavatt bo‘lgan ikkita energoblok qurish ko‘zda tutilgan. 2025 yilda tomonlar har biri 55 megavatt quvvatga ega bo‘lgan oltita kichik blok qurishga kelishib olgan, biroq keyinroq loyihani o‘zgartirishga qaror qilindi va 2026 yilning martida shartnomaga tuzatish kiritildi.

Yangi kelishuvga ko‘ra, “Rosatom” O‘zbekistonda Rossiyaning VVER-1000 reaktorlari asosida ikkita yirik quvvatli energoblok va RITM-200 reaktorlari asosida har biri 55 megavatt quvvatga ega bo‘lgan ikkita kichik atom bloklarini quradi. Ushbu stansiya Rossiya tomonidan xorijda qurilgan birinchi kichik quvvatli AES bo‘lishi mumkin.

Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyoning beshta davlatidan hech birida AES mavjud emas. O‘tgan yilning iyun oyida Qozog‘iston mamlakatdagi ilk AES qurilishi uchun “Rosatom”ni xalqaro konsorsium rahbari sifatida tanlagan (unda Rossiya korporatsiyaning flagmani hisoblangan “3+” avlodga mansub VVER-1200 reaktoridan foydalanishni rejalashtirmoqda). Joriy yilning may oyida esa Moskva va Ostona quvvati 2,4 gigavatt, qiymati taxminan 16,5 milliard dollarni tashkil etishi mumkin bo‘lgan “Balxash” AESni qurish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolagan.


Maqola muallifi

Teglar

Sankt-Peterburg Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing