Hali ham statistikani oshkor qilishdan qo‘rqamiz – Saida Mirziyoyeva bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqida
Jamiyat
−
15 dekabr 3783 2 daqiqa
Bugun, 15 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mas’ul rahbarlar bilan ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash masalalarini muhokama qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Biz oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatmiz. Bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlikni ham kuchaytirdik. Ammo bu bilan cheklanib qolmaslik kerak. Zo‘ravonlik holatlariga qarshi tezkor chora ko‘rishning samarali tizimini ishlab chiqish zarur”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Uning bildirishicha, ko‘pincha haqiqiy ahvol ko‘zga ko‘rinmaydi, ko‘p narsa yashiriladi.
“Biz hali ham statistikani oshkor qilishdan, ta’na-malomatga qolishdan, obro‘yimiz to‘kilishidan qo‘rqamiz, tanqidni qabul qilolmaymiz”, deydi O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari.

Bildirilishicha, bugun, 15 dekabr kuni mas’ul rahbarlar bilan ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash, ularga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish, erta homiladorlik sabablari va ularning oldini olish choralari kabi dolzarb masalalar muhokama qilingan.

“Barcha mas’ul rahbarlarni bugungi suhbatdan tegishli xulosa chiqarishga chaqiraman. Zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurash, ayollar va bolalarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish quruq gapda emas, amalda namoyon bo‘lishi kerak. Inson taqdiri statistikadan ming karra muhimroq”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Live
Barchasi