Har yili 1,4 mln odam antisanitariya sabab vafot etadi – JSST

Olam

image

Aholining sanitariya, gigiyenaga rioya qilmasligi va toza suvdan foydalanmasligi sababli dunyo miqyosida har yili taxminan 1,4 million kishi vafot etadi. Bu haqda 19 noyabr — “Jahon hojatxona” kuni munosabati bilan nashr qilingan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bayonotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, sanitariya inson salomatligi va qadr-qimmati uchun muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda 3,4 milliard odam tozalik talablariga javob bermaydigan hojatxonalardan foydalanadi. Shu sababdan har yili 1,4 million odam suv, sanitariya va gigiyenaga yetarli darajada e’tibor bermagani uchun vafot etadi. Buning katta qismi — ich ketishi (diareya) va boshqa suv orqali yuqadigan kasalliklar sabab yuz beradi. Har kuni besh yoshgacha bo‘lgan taxminan 1000 nafar bola gigiyena va sanitariya yetishmasligidan kelib chiqadigan kasalliklardan halok bo‘ladi.

Iqlim o‘zgarishi bu muammoni og‘irlashtirmoqda: toshqinlar va qurg‘oqchilik sanitariya tizimlariga zarar yetkazadi va suv manbalarini ifloslantiradi, bu esa kasallanish sonini ortishiga sabab bo‘ladi.

“Bu – aslida oldini olish mumkin bo‘lgan fojia”, deydi tashkilot.

Tashkilotga ko‘ra, ushbu muammoni quyidagi 3 ta usul bilan hal qilish mumkin. Xususan:

davlatning barqaror investitsiyalari,

kuchli boshqaruv,

aniq va ishonchli ma’lumotlar.

“Jahon hojatxonalar kuni” munosabati bilan biz barcha davlatlarni tezroq harakat qilishga chaqiramiz: kelajakka mos hojatxonalar qurishga sarmoya kiritish va har bir odam xavfsiz sanitariyadan foydalana olishini ta’minlash kerak. Bu bilan biz kasalliklarning oldini olamiz va inson qadr-qimmatini himoya qilamiz”, deydi JSST.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq nevrologik kasalliklar dunyo mamlakatlarining uchdan biridan kamrog‘i har yili 11 million odamning o‘limiga sabab bo‘layotgani ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

JSST sanitariya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing