Sil millionlab odamlarni o‘ldirmoqda – JSST
Olam
−
14 noyabr 2741 2 daqiqa
Sil dunyodagi eng xavfli infeksiyalardan biri bo‘lib qolmoqda. U har yili 1,2 milliondan ortiq odamni hayotdan olib ketadi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xabar berdi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri ilk marta kasallik tarqalishi kamayishni boshlagan. Ammo JSSTning yangi hisobotida aytilishicha, moliyalashtirish yetishmasligi bu yo‘nalishda yillar davomida erishilgan yutuqlarni xavf ostiga qo‘ymoqda.
“Sil kasalligi oldini olish va davolash mumkin bo‘lgani holda, har yili milliondan ko‘proq insonning o‘limiga sabab bo‘layotgani – mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat”, degan JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus.
JSSTga ko‘ra, silga qarshi global dasturlarni moliyalashtirish 2020 yildan beri to‘xtab qolgan. 2024 yilda bu yo‘nalishga atigi 5,9 milliard dollar ajratilgan. Bu esa 2027 yilgacha har yili kerak bo‘ladigan 22 milliard dollarlik belgilangan maqsaddan ancha kam.
2000 yildan buyon silni o‘z vaqtida davolash qariyb 83 million kishining hayotini saqlab qolgan. 2024 yilda 8,3 million bemor davolanishga kirishgan – bu butun kasallanganlarning 78 foizini tashkil etadi. 54 foiz holatlarda kasallik ekspress-diagnostika orqali aniqlangan, sezgir sil shakllarini davolash samaradorligi esa 88 foizga yetgan.
Ta’kidlanishicha, sil eng ko‘p uchraydigan 30 davlat ichida ijtimoiy himoya darajasi juda farq qiladi. Masalan, Ugandada 3,1 foizdan, Mongoliyada 94 foizgacha. 19 ta davlatda bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshmaydi. Hisobotda, shuningdek, kasallikni kuchaytiruvchi xavf omillari – to‘yib ovqatlanmaslik, OIV, diabet, chekish va spirtli ichimliklarni iste’mol qilish ekani aytiladi.
Sil (tuberkulyoz) – bakteriya sabab bo‘ladigan yuqumli kasallik bo‘lib, asosan o‘pkani zararlaydi, lekin buyrak, suyak yoki miya pardalari kabi boshqa a’zolarga ham tarqalishi mumkin. Kasallik havo orqali yuqadi, ya’ni kasal odam yo‘talganda yoki aksirganda bakteriyalar havoga tarqaladi. Asosiy belgilariga uzoq davom etadigan yo‘tal, isitma, kechasi terlash, vazn yo‘qotish, holsizlik va ko‘krak og‘rig‘i kiradi. Sil maxsus antibiotiklar bilan davolanadi, odatda davolanish 6 oy yoki undan ko‘proq davom etadi. Oldini olish uchun BCG vaksinasi, erta aniqlash va kasallangan odamni o‘z vaqtida davolash muhim hisoblanadi. Xavf omillariga to‘yib ovqatlanmaslik, OIV infeksiyasi, diabet, chekish va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish kiradi. Sil oldini olish va davolash mumkin bo‘lgan kasallik bo‘lsa-da, kechikkan holatlarda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq JSST nevrologik kasalliklarning ortib borayotgani ortidan har yili dunyoda 11 mln kishi halok bo‘layotgani haqida xabar bergandi.
Live
Barchasi