“Hech kim qonundan ustun emas”. Tramp Obamani “hibsga oldi” (video)

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 21 iyul kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, Federal qidiruv byurosi xodimlari AQSHning sobiq prezidenti Barak Obamani hibsga olgani aks etgan videoni joylashtirdi.

Video Obamaning “hech kim, ayniqsa, prezident qonundan ustun emas” degan so‘zlari bilan boshlanadi. Keyin videoda bir qator demokratlar, jumladan AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden va Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosi ko‘rsatilgan.

Keyin FQB xodimlari Tramp va Obama birga o‘tirgan Oq uydagi Oval kabinetga kirib, AQSHning sobiq prezidentining qo‘liga kishan soladi. Bu vaqtda AQSHning amaldagi Prezidenti jilmayib o‘tirardi, video fonida esa Trampning imzosiga aylangan va mitinglar chog‘ida ishlatadigan qo‘shig‘i (“The Village People” guruhining “YMCA” qo‘shig‘i) yangrardi. Video qamoqxona kamerasida to‘q sariq rangli kombinezonda ko‘rinish bergan Obama bilan yakunlanadi. Video davomida ekranda “hech kim qonundan ustun emas” degan so‘zlar yozilib turadi.

Tramp bu videoni e’lon qilish orqali AQSH Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbardning Obamaga qo‘ygan aybloviga munosabat bildirgan ko‘rinadi. Gap shundaki, Gabbard 18 iyul kuni “Fox News” efirida Obama ma’muriyati rasmiylarini, jumladan, FQBning sobiq direktori Jeyms Komi va uning o‘tmishdoshi Jeyms Klapperni Rossiyaning 2016 yilgi prezidentlik saylovlarida Trampga Xillari Klintonni mag‘lub etishiga yordam berish uchun aralashgani haqidagi g‘oyani asoslash uchun razvedka ma’lumotlarini “ishlab chiqarganlik” da’volari bo‘yicha ta’qib qilish uchun Adliya vazirligiga so‘rov yuborganini ma’lum qilgandi.

Prezident hafta oxirida o‘z sahifasida Gabbardning da’vosini 17 marta e’lon qildi. Bu esa jamoatchilik muhokama qilayotgan mavzuni o‘zgartirishga urinishdek tuyuldi. Ma’lumki, so‘nggi paytlarda Trampning 2019 yil avgust oyida qamoqda vafot etgan milliarder pedofil va jinsiy savdogar Jeffri Epshteyn bilan o‘tmishdagi munosabatlari keng muhokama qilinmoqda. Tramp ma’muriyati ikki hafta oldin Epshteynning “mijozlar ro‘yxati” mavjud emasligini va moliyachi Nyu-Yorkdagi qamoqxonada o‘z joniga qasd qilganini e’lon qilib, shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bu Epshteyn qurbonlari uchun adolat va uning yordamchilari jazolanishini talab qilgan Prezidentning o‘z tarafdorlarini ham g‘azablantirdi.

Obama Trampning masxaralariga hali javob bermadi, biroq amaldagi Prezident Truth Social'da bu trentni davom ettirib, Obama hukumati a’zolarining qamoqxonadagi soxta suratlarini e’lon qildi va kaliforniyalik demokrat senator Adam Shiffni hibsga olishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tramp uning Epshteynga yozgan maktubi haqida maqola yozgan WSJ gazetasi egasi va uning ikki jurnalisti ustidan sudga shikoyat qilib, tuhmat va obro‘siga ziyon yetkazganlik uchun 20 milliard dollar talab qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Barak Obama Jeffri Epshteyn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing