Hindiston Rossiyaning xavfli qurollarini sotib olishi mumkin – OAV
Olam
−
01 dekabr 4323 2 daqiqa
Nyu-Dehli Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Hindistonga tashrifi paytida Su-57 qiruvchi samolyotlari va S-500 raketaga qarshi mudofaa tizimlarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tishiga umid qilmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Putinning Hindistonga tashrifi joriy hafta, 4–5 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarda Su-57 qiruvchi samolyotlari va S-500 raketaga qarshi mudofaa tizimining takomillashtirilgan versiyasi muhokama qilinadi.
Vaziyatdan xabardor manbalarning ta’kidlashicha, Hindiston harbiylari qiruvchi samolyotlar yetishmasligini aytgan va hukumatdan Rossiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy samolyotlarni ko‘proq xarid qilishni so‘ragan. Ayni paytda Hindiston Havo kuchlari tarkibida 200 dan ortiq Rossiya qiruvchilari mavjud. Moskva esa Hindistonning harbiy texnika bo‘yicha eng yirik yetkazib beruvchisi bo‘lib qolmoqda.
Manbalarga ko‘ra, harbiylar tomonidan berilgan so‘rov Hindiston Havo kuchlari ekipajlari yangi avlod Rossiya samolyotlariga oson moslasha olishini, shuningdek, Hindustan Aeronautics Limited davlat kompaniyasi Rossiyada ishlab chiqarilgan samolyotlar parklarini xizmat ko‘rsatish va ish holatida saqlab turishga qodir ekanini ko‘rsatadi.
Biroq ularning aytishicha, yangi Rossiya harbiy texnikasini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar Putin tashrifi davomida yakunlanish ehtimoli juda past.
S-500 – uzoq masofaga mo‘ljallangan va yuqori balandlikda urishga qodir universal kompleks bo‘lib, ballistik va qanotli raketalarni, shuningdek, aerodinamik havflarni yo‘q qila oladi. S-500ʼning urush radiusi taxminan 600 kilometrni tashkil etadi.
Su-57 – Rossiyaning beshinchi avlod ko‘pfunksional qiruvchi samolyoti bo‘lib, past radiolokatsion ko‘rinuvchanlik va yuqori manyovrchanlikka ega. Samolyot havo, yer va dengiz maqsadlariga zarba berishga qodir, og‘ir ob-havo sharoitida ham ishlay oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Rossiyaning Su-35 qiruvchi samolyotlari partiyasini sotib olgandi.
Live
Barchasi