Hindiston zavodlari Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatdi – “Bloomberg”
Olam
−
28 Oktabr 2025 3764 2 daqiqa
AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalaridan keyin Hindistonning neftni qayta ishlash zavodlari Rossiyaning Urals markali neftini sotib olishni to‘xtatib, kutish rejimiga o‘tdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, gap Indian Oil Corp., Bharat Petroleum Corp. va Hindustan Petroleum Corp. kabi kompaniyalar haqida ketmoqda. Zavodlarning yuqori lavozimli rahbarlari aytishicha, ular hukumatdan ko‘rsatmalar kutmoqda va muqobil variantlarni baholamoqda.
“Bloomberg”ning yozishicha, so‘nggi sanksiyalar kiritilishidan oldin Rossiyaning ESPO markali nefti narxi barreli uchun bir dollardan ko‘proq yuqori bo‘lgan. Savdoda ishtirok etayotgan treyderlar ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Uzoq Sharqidan yetkaziladigan ushbu markadagi neft ICE Brent etalon markasiga nisbatan 50 foizlik chegirma bilan taklif qilingan.
“Rossiya neftining narxi pasaygan, chunki G‘arb sanksiyalari tufayli Xitoyning ayrim neftni qayta ishlash kompaniyalari xaridlarni bekor qilishga majbur bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 oktyabr kuni AQSH “Rosneft”, “Lukoyl” va ularning shu’ba korxonalariga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi. AQSH Moliya vazirligi bu choralarga “Rossiyaning tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqish bildirmagani” sabab bo‘lganini aytgan va ittifoqchilarni ham shunday yo‘l tutishga chaqirgan.
Joriy yilning avgust boshida AQSH Prezidenti Donald Tramp Hindistonga nisbatan boj stavkalarini 50 foizgacha oshirgan, bunga sabab sifatida “Hindiston hukumati hozirda to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita Rossiyadan neft import qilayotgani”ni ko‘rsatgandi. Oktyabr o‘rtalarida esa Tramp Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi “Hindiston endi Rossiya neftini xarid qilmaydi” deb va’da berganini bildirgandi. Biroq keyinroq, Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Donald Tramp va Narendra Modi o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lganini bilmasligini aytdi.
Live
Barchasi