Germaniyada Alisher Usmonovga qarshi ikkinchi tergov ham to‘xtatildi
Olam
−
30 dekabr 2025 1601 3 daqiqa
Germaniyaning Myunxen shahri prokuraturasi tadbirkor, USM xoldingi asoschisi Alisher Usmonovga (“Forbes” bahosiga ko‘ra boyligi 16,7 mlrd dollar) nisbatan sanksiyalarni buzish gumoni bo‘yicha olib borilgan tergovni to‘xtatdi. Bu haqda tadbirkorning vakillari RBKga ma’lum qildi.
Advokatlarning aniqlik kiritishicha, qaror Germaniya Jinoyat-protsessual kodeksining 153a-moddasiga muvofiq qabul qilingan. Usmonov ixtiyoriy ravishda xayriya maqsadlariga badal kiritishga qaror qilgan.
“Xuddi shu gumonlar bo‘yicha tergovni qayta boshlash istisno qilinadi, A. Usmonovga nisbatan aybsizlik prezumpsiyasi saqlanib qoladi”, deydi advokatlar.
Nazorat organlari avvalroq Usmonov 2022 yil aprelidan sentyabrigacha xorijiy kompaniyalar orqali Rottax-Egern jamoasidagi ko‘chmas mulk ob’ektlarini qo‘riqlash xizmatlari uchun haq to‘laganini ma’lum qilgan. Prokuratura, shuningdek, u Germaniya Federativ Respublikasida joylashgan mol-mulkini Federal iqtisodiyot va eksport nazorati idorasi (BAFA)da deklaratsiya qilmagan bo‘lishi mumkin, deb gumon qilgan. 2024 yilda bu epizodlar bitta ish doirasida birlashtirilib, dastlabki tergov maqomi berilgan. Usmonovning advokatlari uning ushbu kompaniyalar va mulk bilan aloqadorligini, shuning uchun, YeI sanksiyalarining qo‘llanishini inkor etgan. Oxir-oqibat tergov to‘xtatilgan.
Bungacha Frankfurt-Mayndagi bosh prokuratura Usmonovga nisbatan boshqa bir tergovni – pul yuvish gumoni bo‘yicha ishni ham to‘xtatgan. U 2024 yil noyabrida ayblovlar qo‘yilmasdan yopilgan. O‘shanda “Spiegel” nashri tadbirkor 555 mln yevro miqdoridagi soliqlardan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilinganini yozgan. Alisher Usmonovning vakili esa RBKga 2014 yildan beri u Rossiyada soliqlar to‘lashini va ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish to‘g‘risidagi kelishuv sabab Germaniyada daromad solig‘ini to‘lashga majbur bo‘lmaganini bildirgan.
Usmonov 2022 yil fevralida Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan. Tadbirkor bu qarorni adolatsiz, “soxta va asossiz ayblovlar”ga tayanib qabul qilingan deb atab, uni sudda rad etishga uringan. Shuningdek, u o‘ziga nisbatan teng munosabat va kamsitmaslik tamoyillari, mutanosiblik prinsipi, mulk huquqi, shaxsiy hayotni hurmat qilish va fikr bildirish erkinligi buzilganini ta’kidlagan. Biroq YeI sudi tadbirkorning da’volarini bir necha bor rad etgan.
Usmonov YeI sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgach, OAVga qarshi bir necha bor da’vo arizalari bilan chiqqan. Xususan, 2024 yil yanvarida Gamburg sudi uning “Forbes”ga qarshi da’vosini qanoatlantirib, Usmonov “Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning qo‘g‘irchog‘i bo‘lgan” va Myunxenda ko‘chmas mulkka ega ekani haqidagi bayonotlarni ishonchsiz deb topgan. 2025 yil fevralida esa Usmonov Berlinning “Tagesspiegel” nashriga qarshi ishda g‘alaba qozonib, sanksiyalarni asoslash va Germaniyadagi tergovlarga sabab bo‘lgan qator da’volarni tarqatishni taqiqlatishga erishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Gamburg viloyat sudi Alisher Usmonovning ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkor o‘z singlisidan foydalanib, Shveysariya banklaridagi hisob raqamlaridagi aktivlarini yashirgani haqida da’vo qilgan Germaniya fuqarosiga qarshi da’vosini qanoatlantirgandi.
Live
Barchasi