“Hizbulloh” yetakchisi Isroilga raketalar yog‘dirish bilan tahdid qildi
Olam
−
06 avgust 5302 2 daqiqa
Livandagi “Hizbulloh” harakati rahbari Naim Qosim Isroil o‘z harakatlarini davom ettirsa, mamlakatga raketalar yog‘dirish bilan tahdid qildi. Bu haqda u kecha, 5 avgust kuni OAVga bergan bayonotida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, harakat Isroil bilan hech qanday yangi kelishuvlarga rozi bo‘lmaydi. U bunga faqat 2024 yilning 27 noyabrida erishilgan bitimlar to‘liq bajarilgach, yo‘l ochilishi mumkinligini aytgan.
“Biz har qanday yangi kelishuvni rad etamiz. Bizga taklif qilinayotgan har qanday vaqtli muddatlar – Isroil tajovuziga niqob bo‘la olmaydi va biz uchun qabul qilinmaydi”, degan harakat rahbari.
Qosimning ta’kidlashicha, Isroil o‘z zimmasidagi majburiyatlarni bajarmagan. U, agar Isroil Livanga qarshi harbiy harakatlarini kengaytirishda davom etsa, “unga ham raketalar yog‘dirish” bilan tahdid qilgan.
Bir muddat avval AQSHning Turkiyadagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrak “Hizbulloh” harakatining 30 kun ichida to‘liq qurolsizlanishini taklif qilgan edi. Qosim bu taklif faqat Isroil manfaatlariga xizmat qilishini aytib, uni rad etgan.
“Livan hukumati uchun eng asosiy vazifa – milliy suverenitetni tiklashdir. Unga ko‘ra, Isroilga qarshi kurash masalasi milliy kelishuv asosida hal qilinishi lozim va qurolsizlanish masalasi hech qanday vaqt cheklovlariga bog‘lanmasligi kerak”, degan Naim Qosim.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 27 noyabrda kuchga kirgan kelishuvda Livan armiyasining janubiy chegaraga BMT tinchlikparvarlari ko‘magida joylashtirilishi va “Hizbulloh” qurolli guruhlarining Litani daryosi ortiga chekinishi ko‘zda tutilgan edi. Bunga javoban, Isroil janubiy Livanda olib borayotgan quruqlikdagi operatsiyasini to‘xtatib, o‘z qo‘shinlarini 60 kun ichida mintaqadan olib chiqishi kerak edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyi oxirlarida Isroil harbiy-havo kuchlari Livan janubidagi “Hizbulloh” harakati tomonidan foydalanilgan yerosti ob’ektiga aviazarbalar uyushtirgandi. Isroil armiyasi ushbu ob’ekt mavjudligi va uni tiklash urinishlarini Isroil va Livan o‘rtasidagi kelishuvlarning ochiq-oydin buzilishi deb baholagan.
Live
Barchasi