Isroil G‘arbiy Sohilda 19 ta aholi punkti qurishni ma’qulladi
Olam
−
12:40 1092 2 daqiqa
Kecha, 21 dekabr kuni Isroil hukumati G‘arbiy Sohilda yana 19 ta yahudiy aholi punkti qurilishini tasdiqladi. Bu haqda Isroil Moliya vaziri Betsalel Smotrich bayonotiga tayanib, “Euronews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus Smotrich hamda Mudofaa vaziri Isroil Kats tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Endilikda G‘arbiy Sohilda xalqaro huquqqa zid ravishda barpo etilgan yahudiy aholi punktlari soni 69 taga yetadi.
Tasdiqlangan 19 ta punktning beshtasi allaqachon mavjud bo‘lib, hozirgacha Isroil qonunchiligi asosida rasman tan olinmagan. Yana ikki aholi punkti qariyb 20 yil avval buzib tashlangan bo‘lsa-da, hozirda qayta tiklangan.
Betsalel Smotrichning ta’kidlashicha, ushbu qaror Falastin davlatining tashkil etilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Falastin davlati barpo etilishini o‘z milliy xavfsizligiga tahdid sifatida baholaydi.
Dunyoning bir qator davlatlari Falastin davlatchiligini tan olish tarafdori. Germaniya kansleri Fridrix Mers dekabr oyi boshida Isroilga tashrifi chog‘ida Falastin davlati tuzilishi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Shu bilan birga, u Germaniya hozircha Falastin davlatini rasman tan olishga tayyor emasligini ta’kidlagan.
Isroil 1967 yilgi Olti kunlik urush davomida G‘arbiy Sohil ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan. Xalqaro huquqqa ko‘ra, mazkur Falastin hududida yahudiy aholi punktlari qurilishi noqonuniy hisoblanadi.
Xalqaro hamjamiyatning keskin noroziliklariga qaramay, Isroil so‘nggi o‘n yilliklarda G‘arbiy Sohilda o‘nlab aholi punktlarini barpo etdi. Hozirda bu hududlarda qariyb 500 ming yahudiy istiqomat qiladi. G‘arbiy Sohilning falastinlik aholisi esa taxminan 3 million kishini tashkil etadi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–dekabr oylarida Isroil G‘arbiy Sohilda 47 390 ta uy-joy qurilishi bo‘yicha tenderlarni ishlab chiqqan, tasdiqlagan yoki e’lon qilgan. Taqqoslash uchun, 2017–2022 yillar oralig‘ida aholi punktlari yiliga o‘rtacha 12 815 ta uy-joy hisobiga kengaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil va AQSH Eronga yangi hujumlarni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Tramp va Netanyaxu dekabr oxirida AQSHning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida uchrashishi kutilmoqda. Ushbu uchrashuvda Netanyaxu Eronning ballistik raketalar dasturini kengaytirishi zudlik bilan javob choralarini talab qiladigan xavf ekaniga Trampni ishontirishga harakat qiladi.
Live
Barchasi