“Hukumat tabiatga buyruq berolmaydi”. Alisher Qodirov havoda “negativ zarralar” ortayotganini aytdi
Jamiyat
−
24 noyabr 3720 3 daqiqa
Toshkent shahrida havo sifatining ifloslanishi sababli hukumatga nisbatan aytilgan tanqidlar fonida Oliy Majlis deputati, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov hukumatni himoya qildi.
“Dunyoda biron hukumat tabiatga buyruq berolmagan, berolmaydi ham. O‘zbek xalqi doimo Xudodan qo‘rqib, bandasiga andisha bilan, Vataniga maskun hayotini yashagan, yashayapti va yashaydi. Qudrat tafakkur, tartib va ahilligimizda.
Unutmang, bizning bezovtaligimiz kimlarningdir xotirjam bo‘lishi uchun juda kerak bo‘lib turibdi”, deb yozdi deputat ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Bundan oldin – 21 noyabr kuni O‘zgidromet direktori Sherzod Habibullayev bayonot bilan chiqib, Toshkentda iflos havo uzoq vaqt saqlanib qolayotgani yog‘ingarchilik yo‘qligi, keskin changlanish, keskin harorat almashinuvi va inversiya bilan bog‘liqligini aytgandi. Alisher Qodirov bu bayonotdi “havoda zararli zarralarni hukumat bilan bog‘layotgan “ekspert”lar uchun yaxshi, lekin uch kunga kechikkan javob” deb atadi. Uning qayd etishicha, mutasaddilar odamlarni chalg‘itadigan taxminlarning tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Kecha, 23 noyabr kuni esa O‘zgidromet ob-havodagi inversiya holati 24 noyabrdan keyin ortga chekinishi kutilgani, biroq yangilangan sinoptik ma’lumotlar inversiya jarayoni kelgusi hafta oxirigacha saqlanib turishini ko‘rsatayotganini e’lon qildi.
Alisher Qodirov esa O‘zgidromet xabariga izoh berar ekan, yana hukumatni tanqid qilmaslikka chaqirgandek bo‘ldi.
“Hukumatni istagancha tanqid qilaylik, odamlarni rozi qilish uchun shamol, yomg‘ir, yoki havo massasini sotib olib bo‘lmaydi, aksincha, havoda zararli zarralar bilan negativ zarralar miqdori ham ortadi…
Shuni aytmoqchi edim xolos…” dedi deputat.
Qodirov, shuningdek, ekolog ekspertlarning tadqiqot va xulosalari qurilish, transport va sanoatning Toshkent havosidagi ta’sir darajasi 8-10 foizdan oshmaligini ko‘rsatayotganini yozydi. Uning qayd etishicha, safarbarlik bilan bo‘layotgan barcha ish va qarorlar shu foizga ta’sir qiladi, xolos.
Qayd etish joiz, so‘nggi kunlarda Toshkent shahri havo sifatining buzilishi bo‘yicha dunyoda yetakchi shaharlar qatorida turibdi. Masalan, 11 noyabr kuni Toshkent va Andijon shaharlarida havodagi zararli chang miqdori me’yordan ancha ortib ketgandi. 16 noyabr kuni ham Toshkent atmosferasidagi mayda zarrachalar miqdori me’yordan bir necha baravar oshdi. 20 noyabr kuni O‘zbekiston poytaxti dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 2-o‘ringa chiqdi. Mutaxassislar ifloslanishning ortishini, keskin harorat o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelgan inversiya bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Bunday sharoitda zararli zarralar yerga yaqin havo qatlamida to‘planib qoladi. Havo sifatini yaxshilash uchun poytaxtning Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent issiqlik elektr markazida mazutdan voz kechildi.
Bir necha kundan buyon Toshkent shahri va unga tutash hududlar havosida zaharli PM2.5 zarrachalari saqlanib qolmoqda. Ushbu holat ortidan poytaxtdagi issiqxona, sanoat korxonalari va qurilish tashkilotlari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatilib, reydlar o‘tkazilmoqda.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr