10 karra jahon chempioni o‘g‘rilikda ayblanmoqda
Sport
−
25 Sentabr 8870 1 daqiqa
Biatlon bo‘yicha 10 karra jahon chempioni – fransiyalik sportchi Jyulya Simon firibgarlik va o‘g‘rilikda ayblanmoqda. Sportchining ishi yuzasidan birinchi sud majlisi sanasi belgilandi. Bu haqda “Le Dauphiné Libéré” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, holat yuzasidan dastlabki sud majlisi joriy yilning 24 oktyabr sanasiga belgilangan. Albertvil prokuraturasi Simonni Fransiya va Norvegiyada sodir etilgan o‘g‘irlik va firibgarliklarda ayblamoqda. Ishda uch nafar jabrlanuvchi bor. Ulardan biri fransuz biatlonchisi Jyustin Brezaz-Bushe. Aynan Brezaz-Bushe 2023 yilda Simonaga qarshi birinchi bo‘lib sudga murojaat qilgan.
O‘sha paytda Simonaning Norvegiyada o‘tkazilgan “Blinkfestivalen” rolikli chang‘i musobaqasi vaqtida Brezaz-Bushega tegishli bank kartasidan noqonuniy foydalanib, 2000 yevroga yaqin xarid qilgani aytilgan. Keyinchalik unga qarshi yana bir shikoyat Fransiya biatlon jamoasi xodimlaridan biri tomonidan kiritilgan.
Albertvil prokuraturasi IP-manzillar orqali shubhali buyurtmalar qilingan qurilmani aniqlaganini ma’lum qildi. Shunga qaramay, Simon barcha ayblovlarni qat’iyan rad etmoqda.
Ma’lumot uchun, Jyulya Simon 2022 yildagi qishgi Olimpiadada aralash estafeta bahslarida kumush medali sohibasi bo‘lgan. Shuningdek, u “Katta kristall globus” mukofoti sovrindori hisoblanadi.
Live
Barchasi