11 oyda O‘zbekistonga qariyb 11 mln sayyoh keldi
Jamiyat
−
13 yanvar 1304 2 daqiqa
2025 yilning 11 oyida O‘zbekistonga 10,7 million nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu haqda bugun, 13 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Oqqulovning “Sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan shaharlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga berilgan javobida so‘z boradi.
Unda keltirilishicha, 2025 yilning 11 oyida O‘zbekistonga 10,7 million nafardan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Ularga 4,4 milliard AQSH dollari miqdorida turizm xizmatlari ko‘rsatilgan. Qo‘shni davlatlar va MDH mamlakatlaridan kelgan sayyohlar soni 2024 yilning shu davriga nisbatan 1,1 barobarga, uzoq xorij davlatlaridan kelgan sayyohlar soni esa 1,5 barobarga oshgan.
Shuningdek, o‘tgan yilda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida aholining hududlarga 23,7 milliondan ortiq tashriflari amalga oshirilgan.
Hududlarda jami 954 ta joylashtirish vositalari, jumladan, 128 ta mehmonxona, 506 ta oilaviy mehmon uyi, 268 ta xostel va 52 ta boshqa turdagi joylashtirish ob’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Turizm mahallalari va qishloqlari soni 32 taga yetkazilib, turizm va unga yondosh sohalarda 16,1 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Turistlar ko‘p tashrif buyuradigan joylar, aholi gavjum hududlar hamda avtomobil yo‘llari bo‘ylab respublika miqyosida 11 mingga yaqin sanitariya-gigiyena shoxobchalarining holati yaxshilangan. Shundan 6 mingdan ortig‘i yangidan barpo etilgan. Natijada respublikadagi barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalarining zamonaviy sanitariya-gigiyena ob’ektlari bilan ta’minlanish darajasi 20 foizdan 98 foizga yetkazilgan.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining turizm sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida jami qiymati 558,5 million AQSH dollarini tashkil etuvchi 56 ta loyiha amalga oshirilib, ular orqali 6 141 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Yirik shaharlar va hududlarda turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qator infratuzilma ob’ektlari tashkil etilgan.
Xususan, Buxoro viloyatida 3 ta motel, Namangan viloyatida 1 ta kemping va 1 ta kemping oromgohi, Navoiy viloyatida 1 ta kemping oromgohi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida motellar hamda kemping oromgohlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bildirilishicha, deputatlar ushbu yo‘nalishda qo‘mita tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilganini e’tirof etib, shu bilan birga, turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish, turistik marshrutlar sonini ko‘paytirish, turizm qishloqlari sonini oshirish, yirik shaharlar, tuman markazlari va avtomobil yo‘llari bo‘ylarida zamonaviy, yengil konstruksiyali sanitariya-gigiyena shoxobchalarini ko‘paytirish yuzasidan tegishli tavsiyalar bergan.
Majlisda mazkur masala yuzasidan doimiy parlament nazorati olib borilishi qayd etilib, Turizm qo‘mitasi raisining javobi ma’lumot uchun qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning yanvar-noyabr oylarida jami 80 653 nafar chet el fuqarolari davolanish maqsadida O‘zbekistonga kelgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar