Ilonlar shousida sayyohni kobra chaqib o‘ldirdi
Olam
−
29 aprel 5247 1 daqiqa
Misrga oilasi bilan sayohat qilish uchun borgan germaniyalik erkak ilonlar shousida kobra chaqishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, shaxsi no’malum 57 yoshli erkak shu oy boshida oilasi bilan ta’tilda bo‘lganligi sababli Misrga dam olish uchun borgan. U Misrning Qizil dengiz sohilidagi Xurgada shahrida dam olayotgan bo‘lgan.
Ular mehmonxonada bo‘lgan vaqtida ilonlar shousida ishtirok etgan. Kobra deb taxmin qilinayotgan ilonlarning biri voqea vaqtida vafot etgan sayyohning kiyimi ichiga kirib ketgan va uning oyog‘ini tishlab, chaqib olgan.
Xabarga ko‘ra, erkakda keyinchalik zaharlanishning aniq alomatlari ko‘rinib, u reanimatsiyaga muhtoj bo‘lgan. Shundan so‘ng erkak yaqin atrofdagi shifoxonaga olib ketilgan, keyinroq u o‘sha yerda vafot etgan.
Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, erkakning o‘limi bilan bog‘liq holat bo‘yicha Germaniyaning Memmingen shahri Jinoyat politsiyasi inspeksiyasi tomonidan tergov boshlangan. Hozirda toksikologik ekspertiza natijalari kutilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 81 mingdan 138 minggacha odam ilon chaqishi oqibatida vafot etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maldiv oroliga sayohatga borgan ispaniyalik Borha ismli sayyohga akula hujum qilib, oyog‘ining tizzasidan pastki qismini uzib olgandi.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi