160 ming odamning Rossiyaga kirishi taqiqlandi
Olam
−
25 noyabr 10451 2 daqiqa
Rossiya 2025 yil boshidan buyon 160 mingdan ortiq chet el fuqarosining mamlakatga kirishini taqiqlagan. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi Migratsiya xizmati Tashqi va mehnat migratsiyasi departamentidagi manbalariga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, mamlakat hududiga ilgari kirish taqig‘i qo‘yilgan bo‘lsa-da, ammo ismini o‘zgartirib qayta kirishga uringan taxminan 3000 nafar chet el fuqarosining harakatlari fosh etilib, ularning Rossiyaga kirishi to‘xtatilgan. Chet elliklarning kirishi va mamlakatda qolishini nazorat qilish kuchaytirilgani tufayli qoidabuzarliklar soni 30 foizga oshgan.
Shu davr mobaynida Rossiyadan chiqib ketishdan qochgan chet elliklar soni 2,5 baravar ko‘paygan, noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar 45 foizga oshgan, migratsiya hujjatlarini qalbakilashtirish, tayyorlash yoki sotish bilan bog‘liq jinoyatlar 22 foizga ortgan. Bundan tashqari, yil boshidan buyon bozorlar, qurilish maydonchalari, savdo markazlari, mehmonxonalar va yotoqxonalarda 200 mingdan ortiq migrant tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Shunga qaramay bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan past hisoblanadi. Xususan, 2024 yil oktyabr oyida Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev yilning dastlabki o‘n oyida taxminan 180 ming chet el fuqarosi mamlakatga kiritilmagani haqida ma’lum qilgandi. Bu yil esa bu ko‘rsatgich 160 mingdan oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva viloyatida o‘tkazilgan reyddan so‘ng omborlar majmuasida ishlagan 96 nafar migrant Rossiyadan deportatsiya qilingani, 2025 yilning 5 fevralidan, ya’ni nazorat ostidagi shaxslar reyestri ishga tushirilgandan buyon 35 mingga yaqin odam immigratsiya qonunchiligini buzgani uchun Rossiyadan deportatsiya qilingani haqida xabar berilgandi.
Komila Qobilova
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr