25 yoshli chang‘ichi mashg‘ulot paytida halok bo‘ldi
Sport
−
16 Sentabr 3466 2 daqiqa
Italiyalik 25 yoshli chang‘ichi Matteo Franzoso 13 sentyabr kuni Chilining La Parva tog‘-chang‘i kurortida mashg‘ulot chog‘ida og‘ir baxtsiz hodisa oqibatida vafot etdi. Buni kecha, 15 sentyabr kuni Italiya qishki sport federatsiyasi (FISI) ham tasdiqladi.
Manbaga ko‘ra, Franzoso Italiya terma jamoasidagi boshqa sportchilar bilan birgalikda 2025-2026 yilgi mavsumga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Mashg‘ulot paytida u yiqilib, og‘ir jarohat olgan. Oqibatda sportchi Chilining Santyago shahridagi shifoxonaga yetkazilgan. Shifokorlar uni reanimatsiyada, sun’iy koma holatida ushlab turgan, biroq bosh miya jarohatlari va shish oqibatida u ikki kundan so‘ng vafot etgan.
“Bu oilamiz va sportimiz uchun og‘ir yo‘qotish. Bir yil avval Matilde Lorenzi halok bo‘lganida qanday iztirob chekkan bo‘lsak, bugun yana shunday og‘riqli holatni boshdan kechirmoqdamiz. Bunday baxtsiz hodisalar boshqa takrorlanmasligi uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerak. Ushbu qayg‘uli pallada barcha sportchilar va murabbiylarga ularning yonida ekanligimizni bildiraman. Matteoning oilasiga chuqur hamdardlik bildiraman”, deydi FISI prezidenti Flavio Roda
Ma’lumot uchun, Matteo Franzoso 1999 yilda Sestriyere shahrida tug‘ilgan. U tog‘ chang‘isi bo‘yicha tezlik yo‘nalishlarida – pastga tushish, super-G va kombinatsiyalangan dasturlarda iqtidorini namoyish etgan. 2020 yilda Norvegiyaning Narvik shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida pastga tushish yo‘nalishida 4-o‘rinni egallagan. 2021 yilda Val Gardenadagi super-G musobaqasida Jahon kubogi debyutini o‘tkazgan. Shu paytgacha u 17 ta Jahon kubogi startida qatnashgan edi.