3 ta qizil: JCHning ilk o‘yinida Meksika g‘alaba qozondi

Sport

image

Bugun, 11 iyundan 12 iyunga o‘tar kechasi 2026 yilgi Jahon chempionatining ochilish uchrashuvida Meksika terma jamoasi Janubiy Afrikani 2:0 hisobida mag‘lub etdi.

Mexiko shahridagi mashhur “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsni braziliyalik hakam Vilton Sampayo boshqarib bordi.

Uchrashuv hisobini 9-daqiqada Meksika terma jamoasi hujumchisi Xulian Kinones ochdi. Ikkinchi bo‘lim boshida, 49-daqiqada Janubiy Afrika yarim himoyachisi Yaya Sitxole qo‘pol harakati uchun qizil kartochka olib, maydonni tark etdi.

67-daqiqada tajribali hujumchi Raul Ximenes Meksikaning ustunligini mustahkamlab, hisobni 2:0 ko‘rinishiga olib keldi.

84-daqiqada VAR tekshiruvidan so‘ng Janubiy Afrika hujumchisi Temba Zvane raqibining yuziga zarba bergani uchun maydondan chetlatildi. Shu tariqa afrikaliklar uchrashuvning so‘nggi qismida to‘qqiz nafar futbolchi bilan harakat qilishga majbur bo‘ldi.

Qo‘shimcha vaqtning ikkinchi daqiqasida Meksika himoyachisi Sesar Montes ham qizil kartochka oldi. Shunga qaramay, mezbonlar 2:0 hisobidagi g‘alabani saqlab qoldi.

Mazkur uchrashuv “A” guruhi doirasida bo‘lib o‘tdi. Birinchi turdan keyin Meksika 3 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi. Janubiy Afrika esa ochkosiz qolib, to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.

O‘yinda kiritilgan gollarni ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ma’lumot uchun, keyingi turlarda Meksika 19 iyun kuni Janubiy Koreyaga qarshi, 25 iyun kuni esa Chexiyaga qarshi maydonga tushadi. Janubiy Afrika terma jamoasi esa 18 iyun kuni Chexiya bilan, 25 iyun kuni esa Janubiy Koreya bilan kuch sinashadi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Meksika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing