4 tumandan 17 ming gektardan ortiq yer Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilmoqda

Jamiyat

image

Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilishi bo‘yicha taklif bugun, 13 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida qabul qilindi.

Majlisda “Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi palata qarori loyihasi ko‘rib chiqildi va bir ovozdan ma’qullandi. 

Qayd etilishicha, Samarqandni “Millionli shahar”ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar-joy va noturar binolarni qurish maqsadida Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilmoqda. 

Shundan kelib chiqib, Oqdaryo tumanidan 1 410,6 gektar, Pastdarg‘om tumanidan 1 242,3 gektar, Samarqand tumanidan 13 308 gektar, Toyloq tumanidan 1 265,6 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilmoqda. 

Shahardan 518 gektar va Samarqand tumanidan 1 551 gektar yer maydoni Pastdarg‘om tumani, Samarqand tumanining 28 295 gektar yer maydoni esa Toyloq tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda. Bunda shahar va tumanlar tarkibiga o‘tkazilayotgan yerlarning amaldagi yer fondi toifalari o‘zgartirilmagan.

Ushbu chegaralar o‘zgartirilishi hisobiga Samarqand shahrining hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektarga kengayib, yangi loyihalar uchun imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Bu orqali shahar aholisi 604 ming nafardan 882 ming nafargacha oshishi aytilmoqda. 

Shuningdek, yangi uy-joy massivlarini barpo etish bo‘yicha “Shirin” shaharchasi, “Temir yo‘l orti” hududi va “Qorasuv-2” massivi hududlarida 309 ming aholi uchun 710 ta ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilishi rejalashtirilgan. 

Samarqand shahrida yangi turistik loyihalar, o‘yin maydonlari, akvapark, havo sharlari, istirohat bog‘lari kabi ko‘ngilochar turizm va dam olish maskanlari tashkil etilib, yangi yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va logistika markazlari quriladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing