5 daqiqalik mashqlar umrni uzaytirishi mumkin – tadqiqot
Salomatlik
−
14 yanvar 3625 2 daqiqa
Tadqiqotlarga ko‘ra, har kuni atigi 5 daqiqa qo‘shimcha jismoniy mashqlar va o‘tirish vaqtini yarim soatga qisqartirish millionlab odamlarning uzoqroq umr ko‘rishiga yordam berishi mumkin. Mutaxassislar bildirishicha, kichik ko‘rinadigan bu odat jamiyat salomatligi uchun katta foyda keltiradi.
Buyuk Britaniya, AQSH, Norvegiya va Shvetsiyadan 135 ming nafar kishi ishtirok etgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, kuniga qo‘shimcha besh daqiqa tez yurish kabi o‘rtacha intensivlikdagi jismoniy faollik o‘lim xavfini taxminan 10 foizga kamaytiradi.
Norvegiya Sport fanlari maktabi boshchiligida o‘tkazilgan tadqiqotda, shuningdek, o‘tirgan holatda o‘tkaziladigan vaqtni kuniga 30 daqiqaga qisqartirish barcha sabablarga ko‘ra o‘lim holatlarini qariyb 7 foizga kamaytirishi aniqlangan. Ya’ni, ko‘proq harakat qilish va kamroq o‘tirish sog‘liq uchun muhim ahamiyatga ega.
Eng katta ijobiy ta’sir har kuni jismoniy faollikni kamida besh daqiqaga oshirish orqali kuzatilgan. Mutaxassislar o‘rtacha intensivlikdagi mashg‘ulotlar – tez yurish, uy yumushlari yoki bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish nafasni tezlashtirib, tanani isitishini aytmoqda. O‘tirish vaqtini kamaytirish esa sekin yurish yoki yengil uy ishlari bilan almashtirilishi mumkin.
Shu bilan birga, yana bir tadqiqotga ko‘ra, uyqu jismoniy faollik va ovqatlanishdagi kichik ijobiy o‘zgarishlar birgalikda umrni sezilarli darajada uzaytirishini ko‘rsatdi. Masalan, besh daqiqa ko‘proq uxlash, ikki daqiqa o‘rtacha yoki kuchli jismoniy faollik va kuniga yarim porsiya ko‘proq sabzavot iste’mol qilish sog‘lom odatlarga ega bo‘lmagan insonlar uchun qo‘shimcha bir yil umr had’ya qilishi mumkin.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, optimal turmush tarzi kuniga 7-8 soat uyqu, 40 daqiqadan ortiq jismoniy faollik va sog‘lom ovqatlanish. Bu odatlarga amal qilganlar boshqalarga qaraganda deyarli 10 yil ko‘proq umr ko‘rishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qarishni sekinlashtiradigan hujayra aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi