Abdulla Aripov Imomali Rahmon bilan uchrashdi

Olam

image

Bugun, 17 fuvral kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovni poytaxt Dushanbe shahrida qabul qildi. Bu haqda Tojikiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.   

Qayd etilishicha, tomonlar o‘rtasida O‘zbekistan-Tojikiston hukumatlararo iqtisodiy va savdo hamkorlik qo‘mitasining yig‘ilishi o‘tkazilgan. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, hamkorlik va sheriklikning hozirgi holati hamda istiqbollari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.

Bildirilishicha, o‘tgan 2025 yilda ikki tomonlama savdo hajmi 504 million AQSH dollaridan oshgan va bu ko‘rsatkichni yanada ko‘paytirish imkoniyatlari va resurslari mavjudligi ko‘rib chiqilgan. Shu doirada tomonlar sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, jumladan yashil energiya ishlab chiqarish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratgan.

Shuningdek, ilmiy-texnik va madaniy-ta’limiy aloqalarni rivojlantirish yo‘llari ham uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Imomali Rahmon ikki haftalik izsiz yo‘qolishdan so‘ng kecha, 16 fevral kuni Dushanbe shahrida Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qilgan edi. 

Qayd etish joiz, Rahmonning ommaviy chiqishlarsiz ikki haftalik tanaffusi va davlat telekanallaridagi ko‘rinmasligi turli taxminlar va munozaralarga sabab bo‘ldi. Ba’zi manbalar buni ta’til yoki xorijda davolanish bilan izohlagan, ammo rasmiy tasdiq yo‘q. 

74 yoshli Prezidentning sog‘lig‘i bo‘yicha avval ham mish-mishlar tarqalgan, u doimiy jamoatchilik diqqat markazida bo‘ladi. Ba’zi bir manbalarga ko‘ra, Rahmon ikki hafta ichida Xitoyga borib davolanib kelgan bo‘lishi mumkin, lekin bu ham rasman tasdiqlanmagan. Bunga yaqin taxminlar esa bor. Masalan, 15 fevral kuni Prezidentning matbuot xizmati Imomali Rahmonning Xitoy Raisi Si Szinpin uchun video tabrigini e’lon qildi. Uch daqiqalik murojaat Prezidentning rasmiy sayti, Telegram-kanali va Facebook sahifasida joylashtirildi.

Rahmon Si Szinpinni Xitoy taqvimi bo‘yicha Yangi yil bilan tabriklab, ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanishi va strategik sheriklik doirasidagi faoliyatdan mamnunligini bildirdi. Odatda Prezident matbuot xizmati xorijiy yetakchilarga telegramma tabriklari yuborar edi, ammo video tabrik formati deyarli qo‘llanilmasdi, lekin bu qadam Xitoyga nisbatan yangicha yondashuv ekanini ko‘rsatmoqda.

E’zoza Olimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Abdulla Aripov Imomali Rahmon uchrashdi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing