Afg‘onistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik qonuniylashtirildi

Olam

image

Afg‘onistonda “Tolibon” muvaqqat hukumati ayollar huquqlarini keskin cheklovchi yangi Jinoyat kodeksini rasman qabul qildi. Bu haqda “The Sunday Guardian” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bu hujjat huquq himoyachilari va xalqaro hamjamiyatning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kodeksdagi bir qator normalar amalda oiladagi zo‘ravonlikni qonuniylashtiradi hamda ayollar va bolalarning asosiy huquqlarini jiddiy darajada cheklaydi. Huquq himoyachilar, shuningdek, jazolardagi yaqqol nomutanosiblikka e’tibor qaratmoqda. Ayolga yetkazilgan tan jarohatlari uchun belgilangan jazo ayrim zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lmagan huquqbuzarliklarga qaraganda bir necha baravar yengil bo‘lishi mumkin.

Ayniqsa, turmush o‘rtog‘iga nisbatan zo‘ravonlik masalasiga bag‘ishlangan 32-modda jamoatchilikning keskin noroziligini keltirib chiqargan. Unga ko‘ra, er xotinini kuch bilan kaltaklab, suyak sinishlari, jarohatlar yoki ko‘karishlar yetkazgan taqdirda ham, ayol bu holatni sudda isbotlay olsa, erkak atigi 15 sutkalik qamoq jazosi bilan jazolanishi mumkin.

Mazkur kodeks shaxs huquqlaridan ustun qo‘yilgan ijtimoiy nazorat, patriarxal tuzum va mafkuraviy bosimni mustahkamlaydi. Hujjat ayollarga nomutanosib tarzda ta’sir ko‘rsatib, ularning harakatlanishini, munosabatlarini, oilaviy qarorlar qabul qilishini va shaxsiy e’tiqodlarini qat’iy tartibga soladi, zo‘ravonlikdan esa juda cheklangan himoya choralarini taklif qiladi.

Shuningdek, dinidan voz kechganlar uchun nihoyatda shafqatsiz jazolar belgilangan. 58-moddaga muvofiq, islomdan voz kechgan ayollar umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi va tavba qilib, yana islomga qaytmaguncha har uch kunda 10 martadan qamchi bilan urilishi mumkin. Erkaklarga nisbatan esa boshqa yondashuv qo‘llanadi. Ularga uch kungacha tavba qilish imkoniyati beriladi, shundan so‘nggina qatl etilish ehtimoli yuzaga keladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” muvaqqat hukumati chet ellik investorlarga mamlakatda yashash uchun ruxsatnoma berish masalasini muhokama qilayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing