Afg‘onistondagi giyohvandlar shifoxonasi bombalandi. 400 dan ortiq bemor halok bo‘ldi
Olam
−
17 mart 5248 2 daqiqa
Kecha, 16 mart kuni Afg‘onistonning Qobul shahridagi giyohvandlar davolanayotgan shifoxonaga bir nechta bombalar bilan zarba berildi va oqibatda u yerda davolanayotgan 400 dan ortiq bemor halok bo‘ldi. Bu haqda “Roya News” xabar berdi.
“Tolibon”ning ta’kidlashicha, Qobulga berilgan zarbalar oqibatida giyohvandlikka qarshi davolash klinikasi vayron qilingan, oqibatda 400 kishi halok bo‘lgan va yana 250 kishi jarohatlangan.
Pokiston esa fuqarolik ob’ektiga hujum qilinganini inkor etmoqda. Pokistonning axborot va teleradioeshittirish vaziri Attoullo Tararning bugun, 17 mart kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, “Solih g‘azab” nomli operatsiya doirasida zarbalar faqat “Tolibon”ning harbiy ob’ektlariga qaratilgan.
Uning aytishicha, Qobuldagi ikki ob’ekt yo‘q qilingan, u yerda o‘q-dori omborlari va texnik ta’minot infratuzilmasi mavjud bo‘lgan.
Shu bilan birga, Afg‘oniston sharqidagi Nangarhor viloyatida Pokiston Qurolli kuchlari “Tolibon”ning to‘rtta harbiy ob’ektiga hujum qilgan. Oqibatda texnik va logistika infratuzilmasi hamda o‘q-dorilar yo‘q qilingan.
“Tolibon” rejimi targ‘ibotchilarining yolg‘on da’volari afg‘on xalqini ham, butun dunyoni ham aldolmaydi va ularning mintaqada terrorizmni qo‘llab-quvvatlash hamda moliyalashtirishdagi jirkanch harakatlarini yashira olmaydi”, deyiladi Pokiston bayonotida.
Hozircha tomonlarning bayonotlarini mustaqil manbalar orqali tasdiqlash imkoni bo‘lmagan. BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennett esa X ijtimoiy tarmog‘ida Pokistonning Afg‘onistonga bergan havo zarbalari va ular oqibatidagi qurbonlar haqidagi xabarlardan “chuqur larzaga tushganini” yozgan.
Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi mojaro
Ilgari ittifoqchi bo‘lgan bu ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik Pokiston Afg‘onistondan “Tolibon” harakatiga qarshi choralar ko‘rishni talab qilganidan keyin kuchaydi.
2025 yilning 9 oktyabr kuni Qobulda ikki portlash sodir bo‘lgan va “Tolibon” buning uchun Islomobod (Pokiston poytaxti)ni ayblagan. Shundan so‘ng afg‘on qo‘shinlari chegara punktlarida pokistonlik harbiylarga qarata o‘t ochgan. Bunga javoban Pokiston armiyasi og‘ir artilleriya, tanklar, dronlar va qiruvchi samolyotlar bilan zarba bergan.
To‘qnashuvlar 2025 yilning oktyabr oxirigacha davom etgan. Keyin tomonlar Qatar va Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgan, biroq keyingi muzokaralar tinchlik kelishuviga olib kelmagan.
Joriy yilning fevral oyi oxirida Pokiston Afg‘onistonning bir nechta shaharlariga, jumladan Qobulga ham havo zarbalari bergan. Pokiston Mudofaa vaziri Xo‘ja Osif o‘shanda bir necha oylik to‘qnashuvlardan so‘ng keskinlik “ochiq urush” darajasiga yetganini aytgan.
Live
Barchasi