AQSH hukumatining ishi yana ortga surildi

Olam

image

AQSH Senati federal hukumatni qayta moliyalashtirish va “shatdaun”ni (byudjet qabul qilinmagani sabab hukumat ishining vaqtincha to‘xtashi) tugatish uchun mo‘ljallangan qonun loyihasini 12-bor ovozga qo‘ydi, ammo yana qabul qilinmadi. Bu haqda CBS News xabar berdi.

54 senator qonunni qo‘llab-quvvatlagan, 46 nafari esa qarshi chiqqan. Biroq hujjatning tasdiqlanishi uchun kamida 60 ta ovoz kerak edi.

“Shatdaun” oktyabr boshidan beri davom etmoqda. Uning sababi – respublikachilar va demokratlar orasida budjetdagi muhim xarajatlar, jumladan sog‘liqni saqlash tizimi xarajatlari bo‘yicha kelishmovchiliklar mavjudligi.

Bu “shatdaun” davomiylik bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turibdi. Birinchi eng uzun “shatdaun” 2018 yilning oxiri va 2019 yilning boshida Donald Trampning birinchi prezidentlik muddatida 35 kun davom etgan edi.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessantning ma’lum qilishicha, hukumat ishlari to‘xtab turgani uchun mamlakat iqtisodiyoti har kuni 15 milliard dollargacha zarar ko‘rmoqda. Bu ishlab chiqarish va investitsiyalarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, AQSH Milliy iqtisodiy kengashi direktori Kevin Xassettning ogohlantirishicha, agar “shatdaun” uzoq davom etsa, davlat xizmatchilari orasida ommaviy ishdan bo‘shatishlar boshlanishi mumkin.

“Politico” nashrining yozishicha, bir oylik “shatdaun” oqibatida 43 ming kishi ishsiz qolishi mumkin. Bundan tashqari, 1,9 millionga yaqin federal xizmatchi maosh to‘lanmaydigan ta’tilga yuborilgan yoki vaqtinchalik maosh olmasdan ishlashda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda hukumatning moliyaviy faoliyati to‘xtashi fonida aviadispetcherlik xizmatida xodimlar yetishmasligi minglab reyslarning kechikishi va bekor qilinishiga sabab bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh shatdaun byudjet Skott Bessant

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing