AQSH 2025 yilda 100 mingdan ortiq vizani bekor qildi
Olam
−
13 yanvar 1039 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘z lavozimiga kirishganidan beri xorijliklarning 100 mingdan ortiq vizasi bekor qilindi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti bergan ma’lumotlarga tayanib, “Newsweek” xabar berdi.
Davlat departamentining ma’lum qilishicha, bekor qilingan vizalarning 8 mingtasi talabalarga, 2500 tasi esa jinoyat sodir etishda ayblangan xorijlik shaxslarga tegishli.
“Biz ushbu jinoyatchilarni deportatsiya qilishni davom ettiramiz, shunda Amerikani xavfsizligini ta’minlay olamiz”, deyiladi xabarda.
Bu ko‘rsatkich so‘nggi yillardagi eng yuqori natija (rekord) hisoblanadi. Ushbu raqam AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden davrida 2024 yilda bekor qilingan vizalardan (40 ming viza) ikki barobar ko‘p.
Davlat departamentining matbuot kotibi o‘rinbosari Tommi Pigottning aytishicha, bekor qilishning asosiy to‘rt sababi quyidagilar: mamlakatda ruxsatsiz uzoq qolish, mast holatda avtomobil boshqarish, hujum va o‘g‘rilik.
Tramp ma’muriyatining eslatishicha, talaba vizasi egalari va qonuniy doimiy rezidentlar Falastin qo‘llab-quvvatlagani va Isroilning G‘azo urushidagi harakatlarini tanqid qilgani sababli deportatsiya qilinishi mumkin.
Ularning harakatlari AQSH tashqi siyosatiga tahdid sifatida ko‘rilmoqda.
Trampning Oq uyga qaytganidan so‘ng, qabul qilingan immigratsiya qonunchiligi bo‘yicha qattiq choralari haqiqiy vizaga ega bo‘lgan ko‘plab muhojirlar ham deportatsiya qilinishiga olib keldi. Tramp ma’muriyati shuningdek, vizalar berish siyosatini yanada qat’iylashtirdi, ijtimoiy tarmoqlar orqali tekshiruvni kuchaytirdi va tanlov jarayonini kengaytirdi.
Davlat departamenti xorijdagi AQSH diplomatik vakolatxonalariga har qanday murojaatchilarni diqqat bilan kuzatishni buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp AQSHga kirishni Suriya va yana bir qator davlatlar fuqarolari uchun taqiqlagandi. Yangi cheklovlar 2026 yil 1 yanvardan kuchga kirgan va jami 20 ta mamlakat hamda hududni qamrab olgan.