Tramp NATOni Grenlandiyani bosib olishda yetakchilik qilishga chaqirdi
Olam
−
14 yanvar 2084 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Grenlandiya Qo‘shma Shtatlar uchun milliy xavfsizlikni ta’minlash nuqtai nazaridan zarur ekanini, uning Amerika nazoratiga o‘tish jarayoni esa NATO tomonidan boshqarilishi lozimligini bildirdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Qo‘shma Shtatlarga Grenlandiya milliy xavfsizlik maqsadlari uchun zarur. U biz qurayotgan “Oltin gumbaz” uchun hayotiy ahamiyatga ega. NATO bu masalada yetakchi bo‘lishi kerak. Agar biz buni qilmasak, Rossiya yoki Xitoy qiladi va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi!” deb yozdi Tramp.
U, shuningdek, Qo‘shma Shtatlarning harbiy qudrati asosan birinchi prezidentlik muddati davrida shakllanganini va hozir ham kuchayib borayotgan salohiyat – Shimoliy Atlantika alyansining tiyib turish imkoniyatlarining asosi ekanini aytdi.
“Grenlandiya AQSH nazoratiga o‘tgach, NATO ancha qo‘rqinchli va samaraliroq bo‘ladi. Buning o‘rniga boshqa har qanday variantni qabul qilib bo‘lmaydi”, deya xulosa qilgan u.
Qayd etish joiz, Grenlandiya Daniya Qirolligi tarkibiga kiradi, biroq Tramp avval ham bir necha bor orol milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan AQSHning bir qismiga aylanishi kerakligini aytgan va Vashington uni “u yoki bu yo‘l bilan” qo‘lga kiritishini istisno qilmagan.
Grenlandiya Bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen bunga javoban orol Daniya tarkibida qolish niyatida ekanini bildirgan edi.
“Biz NATOni, Daniya Qirolligini va Yevropa Ittifoqini tanlaymiz”, dedi u.
Tramp esa bunday pozitsiya Grenlandiya Bosh vaziri uchun “katta muammo”ga aylanishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Oq uyning bu ritorikasi Skandinaviya davlatlari diplomatlari tomonidan tanqid qilindi. “Financial Times”ning razvedka ma’lumotlari bilan tanish manbalarga tayanib yozishicha, so‘nggi yillarda Grenlandiya yaqinida Rossiya yoki Xitoy kemalari va suvosti kemalarining mavjudligi qayd etilmagan. Nashr suhbatdoshlari Moskva va Pekinning mintaqadagi harbiy faolligi oshgani haqidagi da’volarni shubha ostiga olgan.
Shu fonda AQSH rasmiylari Prezidentning bayonotlarini yumshatishga uringan. Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson Grenlandiyani kuch bilan egallash ssenariysi ko‘rib chiqilmayotganini va “urush e’lon qilinmasligini” aytgan. Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt esa Tramp orolni sotib olish variantini ham ko‘rib chiqayotganini qayd etgan.
Ayni paytda AQSH Kongressiga bir-biriga zid qonunchilik tashabbuslari kiritilgan. Kecha, 13 yanvar kuni kongressmen Rendi Fayn Grenlandiyani anneksiya qilish haqidagi qonun loyihasini taklif qildi, bugun, 14 yanvar kuni esa Senatda NATOga a’zo davlatlar hududlarini ularning roziligisiz bosib olish uchun AQSH harbiylaridan foydalanishni taqiqlovchi hujjat ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Shu bilan birga, “The Telegraph” xabariga ko‘ra, Buyuk Britaniya va yevropalik ittifoqchilar Vashingtonni orolni anneksiya qilishdan qaytarish maqsadida Grenlandiyada NATO kontingentini joylashtirish imkoniyatini muhokama qila boshlagan. Biroq “The Mail on Sunday” manbalarga tayanib, Tramp AQSH qo‘mondonligiga ehtimoliy bostirib kirish rejasini tayyorlashni buyurgani, ammo bu tashabbus uning qonuniyligiga shubha bildirgan harbiylar qarshiligiga uchraganini yozdi.
Live
Barchasi