AQSH Eron bilan dastlabki kelishuvni imzoladi
Olam
−
16 iyun 3304 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan urushni to‘xtatishga qaratilgan dastlabki kelishuv allaqachon imzolanganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, hujjat tafsilotlari yaqin kunlarda e’lon qilinadi. Bu haqda u kecha, 15 iyun kuni G7 sammiti doirasida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi.
“Bu kelishuv imzolanganini mamnuniyat bilan ma’lum qilaman. Bitim to‘liq imzolandi”, degan Tramp.
AQSH rasmiylarining bildirishicha, Eron bilan rasmiy kelishuv Jenevada imzolanishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng Hurmuz bo‘g‘ozi qayta ochiladi va Eron yadro dasturi bo‘yicha texnik muzokaralar boshlanadi.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning aytishicha, memorandum taxminan bir yarim sahifadan iborat bo‘lib, umumiy tamoyillarni o‘z ichiga oladi. Kelishuvning ko‘plab bandlari keyingi muzokaralar davomida aniqlashtiriladi.
Hujjatga ko‘ra, Eron mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, shuningdek, yadro qurolini yaratmaslik bo‘yicha tekshirilishi mumkin bo‘lgan majburiyatni oladi. Sanksiyalarni yumshatish va muzlatilgan Eron aktivlarini qaytarish esa Tehronning kelishuv shartlarini bajarishiga bog‘liq bo‘ladi.
AQSH rasmiylarining ma’lum qilishicha, dastlabki hujjat elektron shaklda Donald Tramp, Jey Di Vens va Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibof tomonidan imzolangan.
Kelishuv asosida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi yana 60 kunga uzaytiriladi. Shu vaqt ichida tomonlar yakuniy tinchlik shartnomasi bo‘yicha batafsil muzokaralarni davom ettiradi.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif avvalroq mamlakati vositachiligida erishilgan kelishuv barcha frontlarda, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishni nazarda tutishini bildirgan.
Shu bilan birga, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil qo‘shinlari Livan, Suriya va G‘azodagi “xavfsizlik hududlari”da zarur bo‘lgan muddat davomida qolishini va mamlakat o‘zini himoya qilish huquqini saqlab qolishini ta’kidlagan.
Eron rasmiylari esa harbiy harakatlar to‘xtatilganini tasdiqlagan bo‘lsa-da, AQSHga nisbatan chuqur ishonchsizlik saqlanib qolayotganini va kelishuv faqat keskinlikni kamaytirish yo‘lidagi ilk qadam ekanini bildirgan.