AQSH Eronda katta operatsiya uyushtirmoqchi – OAV
Olam
−
13:11 3084 2 daqiqa
AQSH harbiylari Prezident Donald Tramp Eronga zarba berish haqida buyruq chiqargan taqdirda, bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda ikki nafar amerikalik rasmiyga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ularning aytishicha, ehtimoliy harbiy missiya avvalgi cheklangan zarbalardan ancha jiddiyroq tus olishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pentagon Yaqin Sharqqa qo‘shimcha aviatsiya tashuvchisi, minglab harbiy xizmatchilar, qiruvchi samolyotlar va boshqariladigan raketa qurilmalarini yubormoqda. O‘tgan hafta AQSH va Eron diplomatlari Ummon orqali muzokaralar o‘tkazgan bo‘lsa-da, Tramp Shimoliy Karolinadagi harbiy baza oldida so‘zga chiqib, Tehron bilan kelishuvga erishish qiyin kechayotganini aytgan va zarurat tug‘ilsa kuch ishlatilishini istisno etmagan.
Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli Prezident Islom Respublikasi bo‘yicha “barcha variantlarni ko‘rib chiqayotganini” bildirgan. Pentagon esa operativ rejalarga izoh berishdan bosh tortgan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, ehtimoliy uzoq muddatli kampaniya faqat yadroviy ob’ektlargina emas, balki Eronning davlat va xavfsizlik infratuzilmasini ham nishonga olishi mumkin.
Mutaxassislar bunday ssenariy AQSH kuchlari uchun yuqori xavf tug‘dirishini qayd etmoqda. Eronning raketa arsenali salmoqli bo‘lib, javob zarbalari mintaqaviy mojaroni kengaytirishi ehtimoli mavjud. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi zarba berilgan taqdirda, mintaqadagi Vashington bazalariga hujum qilish bilan tahdid qilgan.
Ma’lumki, Qo‘shma Shtatlarning Iordaniya, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahrayn, BAA va Turkiyada harbiy ob’ektlari mavjud.
Shu fonda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Vashingtonda Tramp bilan uchrashib, Eron bilan ehtimoliy kelishuv Isroil xavfsizlik manfaatlarini ham qamrab olishi lozimligini ta’kidlagan. Tehron esa sanksiyalar bekor qilinishi evaziga yadroviy dastur bo‘yicha cheklovlarni muhokama qilishga tayyorligini, biroq raketa dasturini muzokaralarga bog‘lamasligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp jurnlistlar bilan qilgan muloqotida Vashington uchun Eronda hokimiyat almashishi voqealar rivojining eng yaxshi varianti bo‘lishi haqida gapirgan edi.
Musulmon Sodiq