AQSH Isroilning Eronga qarshi urushiga qo‘shiladimi?
Olam
−
18 iyun 6569 3 daqiqa
Isroil Erondagi ba’zi muhim yadroviy ob’ektlarga hujum qilmadi, chunki u yer ustida emas, balki chuqur yer ostida joylashgan ob’ektlarni yo‘q qilishga yetarli harbiy imkoniyatlarga ega emas. Faqat Amerikada bunday imkoniyat bor. Bu haqda Britaniya razvedka xizmati – MI6’ning sobiq rahbari Jon Soyers BBC’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning fikricha, Vashington oldida dilemma turibdi – Isroil bilan birga harakat qilib, ishni yakunlash yoki diplomatik yechim izlash.
Soyers ogohlantiradiki, agar noto‘g‘ri qaror qabul qilinsa, Eron jiddiy zaiflashishi mumkin, lekin yadroviy dasturining bir qismi omon qolishi ehtimoli bor.
Uning aytishicha, Isroilning asl maqsadi — AQSHni urushga tortish va ularning harbiy qudratidan foydalanib, Eron yadroviy ob’ektlarini to‘liq yo‘q qilish.
BBC siyosiy sharhlovchisi Kris Meysonning yozishicha, G7 (katta yettilik) sammitidagi dunyo yetakchilari Tramp Yaqin Sharqda yana nima qilishni niyat qilganidan hayratda. Germaniya kansleri Fridrix Mers G7 yetakchilari Amerika aralashuvi haqida gaplashishganini aytgandi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer esa avvalroq, Trampning bayonotlarida urushga aralashish niyati sezilmaganini ta’kidlagan edi.
Ammo keyingi soatlarda vaziyat tubdan o‘zgargan. Endi G7 yetakchilari Trampning rejalarini taxmin qilishga majbur. Eron ham, dunyo ham, aynan shu narsa nima bo‘layotganini tushunishga urinyapti.
CBS manbalariga ko‘ra, Tramp Eronning yadroviy ob’ektlariga, jumladan Fordoda joylashgan uran boyitish zavodiga zarba berish uchun Isroilga qo‘shilishni ko‘rib chiqmoqda. Bu masala Oq uydagi Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishida muhokama qilingan va yig‘ilish yaqinda yakunlangan. CBS’ning manbalari ta’kidlashicha, Trampning maslahatchilari o‘rtasida yakdillik yo‘q.
Siyosatshunos Radjan Menon “The Guardian” nashriga aytishicha, Tramp jiddiy muammoli tanlov oldida turibdi: – agar u Isroilning harbiy harakatiga qo‘shilsa, o‘zining urushga qarshi siyosatidan chekinadi, – agar aralashmasa, AQSHdagi isroilparvar doiralar g‘azabiga uchraydi.
“Bosh vazir Binyamin Netanyaxu bevosita tahdidsiz urush boshladi, bu esa yadroviy kelishuv muzokaralarini buzish va Tehronda rejimni almashtirish maqsadiga qaratilgan. AQSH hozircha faqat texnik yordam bermoqda, lekin vaziyat keskinlashgan sari Trampga bosim oshib boradi. Urush uzoqlashgani sari, neytral pozitsiyani saqlash tobora mushkullashadi. Tramp yaqin vaqtda ochiq aytishi kerak: u “abadiy urushlar”ga qarshi siyosatchimi yoki harbiy-siyosiy elita vakillaridan birimi”, deya ta’kidladi Menon.
13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eron yadro dasturiga qarshi harbiy operatsiya boshladi. Oradan bir kun o‘tmasdan Eron javob hujumini amalga oshirdi. Keyingi kunlarda Isroil va Eron yana zarbalar berishdi. Ikkala tomon ham ushbu hujumlar oqibatida qurbonlar va jabrlanganlar haqida ma’lum qildi va bir qator nishonlarga zarba berganini tan oldi.
Live
Barchasi