AQSH qo‘lga olgan tankerdan rossiyaliklar ozod qilindi

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar tomonidan Atlantika okeanida qo‘lga olingan Rossiya bayrog‘i ostidagi neft tankeridan ikki nafar rossiyalik ekipaj a’zosini ozod qilindi. Bu haqda bugun, 9 yanvar kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.  

Keltirilishicha, vazirlik vakili Mariya Zaxarova bayonotida rossiyaliklarni ozod qilgani uchun AQSHni olqishlab, unga minnatdorlik bildirgan. 

“Biz ushbu qarorni olqishlaymiz va AQSH rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. Biz vatandoshlarimizning o‘z vatanlariga tezroq qaytishini ta’minlash bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha shoshilinch amaliy ishlarni davom ettirmoqdamiz”, deydi u.

Shuningdek, Rossiya maxsus elchisi Kirill Dmitriev ham AQSH Prezidenti Donald Tramp “Marinera” tankeridagi “barcha rossiyaliklarni” qo‘yib yuborishga qaror qilganini bildirgan.

Ma’lumot o‘rnida, bungacha Qo‘shma Shtatlar rasmiylari “Marinera” ekipaji sudga tortilishi mumkinligini aytgan edi, bu esa Rossiya tomonidan “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” holat deb baholangan. Moskva Vashingtonni noqonuniy deb hisoblagan tankerni musodara qilish bilan keskinlikni kuchaytirishda va xalqaro yuk tashishga tahdid solishda ayblagandi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu harakat “faqat harbiy va siyosiy keskinliklarni yanada kuchaytiradi” deb ta’kidlab, “Vashingtonning keskin xalqaro inqirozli vaziyatlarni keltirib chiqarishga tayyorligi”dan xavotirda ekanligini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Venesuelaga aloqasi bo‘lgan “Marinera” neft tankerining qo‘lga olinganini e’lon qilgandi. Ushbu tanker Atlantika okeani bo‘ylab ikki haftadan ortiq davom etgan qidiruvdan so‘ng nomini o‘zgartirgan va Rossiya bayrog‘i bilan niqoblangan.

Keyinroq, Donald Tramp “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida  Marinera’dan yonilg‘i tushirilayotganini aytdi. AQSH rahbari ushbu voqeadan so‘ng Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashgan yo gaplasha olmaganiga doir savolga javob berishdan bosh tortib, bu haqda gapirishni istamasligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh tanker rossiyaliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing