AQSH Kolumbiya Prezidentini “qora ro‘yxat”ga kiritdi

Olam

image

AQSH Moliya vazirligi Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petroga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda kecha, 24 oktyabr kuni vazirlikning rasmiy saytida e’lon qilindi.

“Prezident Petro narkokartellarga gullab-yashnashga imkon berdi va ularning faoliyatiga chek qo‘yishni rad etdi. Bugun Prezident Tramp mamlakatimizni himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘rmoqda va biz giyohvand moddalar kontrabandasiga yo‘l qo‘ymasligimizni aniq bildirmoqda”, deydi AQSH Moliya vaziri Skott Bessent.

Shuningdek, sanksiyalar Kolumbiya Prezidentining rafiqasi Veronika Garsiya, uning katta o‘g‘li Nikolas Petro va Ichki ishlar vaziri Armando Benedettiga ham tatbiq etilgan. Cheklovlarga ko‘ra, ularning AQSHdagi yoki AQSH fuqarolari nazoratidagi mulklari muzlatiladi, shuningdek, cheklovlar 50 foiz va undan ortiq ulushga ega bo‘lgan tashkilotlarga ham taalluqli bo‘ladi.

AQSH Moliya vazirligiga ko‘ra, Nikolas Petro otasining “siyosiy merosxo‘ri” hisoblanadi. 2023 yilda u Kolumbiyada pullarni yuvish va noqonuniy boyish ishlari bo‘yicha, xususan, narkosavdogarlardan mablag‘ olib, ularni otasining 2022 yilgi saylov kampaniyasiga yo‘naltirgani uchun hibsga olingan.

2023 yilning avgustida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Nikolas Petro aybini tan olmagan, biroq tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgani sababli uy qamog‘iga hukm qilingan. 2025 yilda unga davlat hujjatlarini soxtalashtirish va davlat xaridlariga aralashish bilan bog‘liq yangi ayblovlar qo‘yilgan. Agar uning aybi isbotlansa, 18 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Qayd etish joiz, so‘nggi paytlarda AQSH va Kolumbiya o‘rtasidagi munosabatlar murakkablashgan. Xususan, Vashingtonda Petro siyosati va bayonotlari ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik aloqalariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytilmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp bir necha bor Kolumbiyadan AQSHga giyohvand moddalar olib ketayotgan kemalar yo‘q qilinganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQSHga ketayotgan, giyohvand moddalar bilan to‘la ulkan suvosti kemasi yo‘q qilinganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH maxsus xizmatlari kemada fentanil va boshqa narkotiklar bo‘lganini tasdiqlagan. Petro esa bunga javoban AQSH Kolumbiyaning hududiy suverenitetini buzganini va narkosavdoga aloqasi bo‘lmagan bir baliqchi o‘ldirilganini bildirgan.

Shundan so‘ng Tramp Petroni “yaramas va qaroqchi” deb atadi va agar Kolumbiya hukumati narkotrafikni o‘zi bartaraf etmasa, AQSH kuch ishlatishidan ogohlantirdi. 20 oktyabr kuni Kolumbiya o‘z elchisini Vashingtondan maslahatlashuvlar uchun chaqirib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh sanktsiya Kolumbiya Gustavo Petro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing