AQSH Rossiyaga yangi “sovg‘a” tayyorladi 

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiyaga qarshi yangi “sovg‘a” sifatida sanksiyalar paketini tayyorladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu choralar bank sohasi va energetika sektoriga nisbatan cheklovlarni o‘z ichiga oladi. Sanksiyalar faqat Prezident Donald Tramp tegishli farmoyish bergan taqdirda kuchga kiradi.

Nashrning manbasi bo‘lmish Oq uy mansabdorlariga ko‘ra, Tramp bu sanksiyalarni Moskva bilan munosabatlarda keskinlikni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan qadam sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu esa o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shunga qaramay, AQSH Prezidenti Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlik rivojlanishiga hali ham umid qilmoqda.

Qolaversa, bir muddat oldin “The Wall Street Journal” ham Trampning bu hafta Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi. Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning harakatlaridan va tinchlik muzokaralarining sust borishidan norozi.

Shu bilan birga, WSJ manbalarining qayd etishicha, Tramp Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha muzokaralardan charchagan va agar so‘nggi urinishlar samarasiz bo‘lsa, undan butunlay voz kechish haqida o‘ylamoqda. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, agar AQSH bu sa’y-harakatlardan voz kechsa, nima bo‘ladi va Tramp bu holatda Ukrainaga harbiy yordam berishda davom etadimi yoki yo‘qmi, kabi savollar ochiq qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 19 may kuni rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilmasligini ma’lum qilgandi. Buni u Ukrainadagi urushni tugatish masalasida hali oldinga siljish imkoniyati mavjudligi bilan izohlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing