AQSH Suriyaning xorijlik jangarilarni milliy armiyaga qo‘shish rejasini ma’qulladi

Olam

image

AQSH Suriya hukumati tomonidan ilgari surilgan reja – minglab xorijlik qurolli jangarilarni mamlakatning milliy armiyasi tarkibiga qo‘shish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda AQSHning Suriyadagi maxsus vakili Tomas Barakka tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Mudofaa vazirligining uch nafar rasmiysiga ko‘ra, taxminan 3,5 ming nafar xorijlik jangari – asosan Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari yangi tuzilayotgan Suriya armiyasining 84-diviziyasi tarkibiga kiritiladi. Diviziyaga suriyalik fuqarolar ham jalb etiladi.

“Biz ushbu masalada shaffoflik asosida o‘zaro kelishuvga erishdik. Agar ular yangi hukumatga sodiqligini bildirayotgan bo‘lsa, ularni tashqarida emas, davlat tuzilmalarida saqlab qolish maqsadga muvofiq”, degan Barak.

Aslida, AQSH avvaldan xorijlik jangarilarning rasmiy qurolli tuzilmalar tarkibiga qo‘shilishini qat’iyan rad etib kelgan. Biroq Prezident Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘ylab safari va Ar-Riyodda Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashuvidan so‘ng, rasmiy Vashington bu pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqdi. Shundan so‘ng, AQSH Suriya rejimiga qarshi sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishga kirishdi va Barakni Suriyaga maxsus vakil etib tayinladi.

Suriya Mudofaa vazirligiga yaqin manbalarning ma’lum qilishicha, prezident ash-Shara va uning ittifoqchilari G‘arb davlatlarini xorijlik jangarilarni armiyaga qo‘shish orqali ularning xalqaro terroristik guruhlarga qayta qo‘shilish xavfi kamayishini ishontirishga muvaffaq bo‘lgan.

Gap, jumladan, Bashar Asadga qarshi kurashgan va o‘tgan yili u hokimiyatdan ag‘darilgach, mamlakatni egallagan guruh – “Hayat Tahrir ash-Shom”  a’zolari haqida bormoqda. Bu guruh hokimiyat almashuvida muhim rol o‘ynagan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning dekabrida Suriyada hokimiyatni egallagan Ahmad ash-Shara joriy yilning 29 yanvar kuni mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilingandi. 14 may kuni esa AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi va unga Isroilni tan olish hamda Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilish taklifini berdi. Qolaversa, o‘sha kuni Ar-Riyod shahrida Turkiya, AQSH, Saudiya Arabistoni va Suriya yetakchilari ishtirokida onlayn formatdagi to‘rt tomonlama muloqot ham tashkil etilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing