Eron Oliy rahbarining ahvoli qandayligi aytildi
Olam
−
11 aprel 4853 2 daqiqa
Eronning yangi Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy fevral oyi oxiridagi aviazarba oqibatida olgan og‘ir jarohatlaridan so‘ng sog‘ayishda davom etmoqda. Bu haqda rahbarga yaqin uchta manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, AQSH va Isroil urushining birinchi kunida Tehron markazidagi Oliy rahbar qarorgohiga berilgan zarba oqibatida Xomanaiyning yuzi jarohatlangan (xunuk holatga kelgan) va oyoqlaridan og‘ir jarohat olgan. Shunga qaramay, manbalarga ko‘ra, Eron yetakchisi “aqli rasoligini saqlab qolgan”. U yuqori martabali mulozimlar bilan audiokonferensiyalar orqali majlislarda ishtirok etmoqda va muhim masalalar, jumladan, Vashington bilan muzokaralar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda davom etmoqda.
56 yoshli Mujtabo Xomanaiy Oliy rahbarlik lavozimini otasi, Oyatulloh Ali Xomanaiy 28 fevral kuni AQSH va Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘lganidan keyin egallagan edi. “Fars” ma’lumotlariga ko‘ra, hujum paytida sobiq Oliy rahbarning qizi, kelini va kuyovi ham halok bo‘lgan. “Mehr”, shuningdek, Xomanaiyning 14 oylik nabirasi vafot etgani haqida ham yozgan.
“Reuters”ning qayd etishicha, jarohatlanganidan beri Xomanaiy omma oldida ko‘rinish bermagan, uning qayerdaligi va ahvoli oshkor qilinmayapti. 8 mart kuni tayinlanganidan beri uning ishtirokidagi birorta fotosurat, video yoki audioyozuv e’lon qilinmagan. Yetakchining tezkor shtabga kirib, Isroilning Dimonadagi yadroviy tadqiqot markazi xaritasini tahlil qilayotgani aks etgan video bundan mustasno.
“The Times” AQSH va Isroil razvedka ma’lumotlariga tayanib, Mujtabo Xomanaiy Eronning Qum shahrida davolanayotgani va hushsiz holatda, og‘ir ahvolda ekanini ham yozgan edi. Bu orada Eron TIV vakili Ismoil Bag‘oiy Xomanaiy bilan “hammasi joyida” ekanini ma’lum qilgan. Mulozim Oliy rahbarning omma oldida chiqish qilmayotganini harbiy vaziyat bilan izohlagan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp, o‘z navbatida, Mujtabo Xomanaiyning o‘lgan bo‘lishi yoki o‘ta og‘ir ahvolda ekanini istisno qilmagandi, chunki “u g‘oyib bo‘lgan”. Pentagon rahbari Pit Xegset esa uning “yaralangani va ehtimol yuzi shikastlangani” haqida gapirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp joriy yilning 7 aprel kuni e’lon qilgan 2 haftalik sulh asnosida Islomobodda Amerika va Eron delegatsiyalarining uchrashuvi boshlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi