AQSH va Eron kelishuvga yaqinlashishi fonida neft narxi pastladi
Olam
−
06 may 1560 2 daqiqa
Jahon bozorlarida neft narxi keskin pasaydi va aksiyalar qiymati oshdi. Bunga AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan kelishuvga erishish yo‘lida ijobiy natijalar borligini ma’lum qilgani sabab bo‘lgan. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar qildi.
Tramp o‘zining “Project Freedom” operatsiyasi doirasida Hormuz bo‘g‘ozi orqali kema kuzatuvini qisqa muddatga to‘xtatishini aytgan. Mazkur bo‘g‘oz orqali jahon neft ta’minotining qariyb beshdan bir qismi o‘tadi. Eron fevral oxiridan beri ushbu yo‘lni to‘sib qo‘ygani global energetika inqiroziga sabab bo‘lgan edi.
AQSH rahbari operatsiyani qisqa muddatga to‘xtatishini, bu vaqt ichida Tehron bilan yakuniy kelishuvni rasmiylashtirishni rejalashtirayotganini bildirgan. Shu bilan birga, Eron portlariga nisbatan joriy etilgan blokada saqlanib qolishini qo‘shimcha qilgan.
Bu xabarlar ortidan Brent nefti narxi keskin tushdi. Hafta boshida Yaqin Sharqdagi hujumlar fonida 6 foizgacha o‘sgan narx 9 foizga pasayib, barreli 100 dollardan biroz yuqori darajaga tushgan. Avvalroq esa narx 126 dollargacha ko‘tarilib, 2022 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan edi.
Nashrning yozishicha, Oq uy Eron bilan urushni tugatishga qaratilgan qisqa memorandum bo‘yicha kelishuvga yaqin qolgan va tomonlar keng qamrovli yadroviy muzokaralar uchun asos yaratishga tayyor. Bu o‘zgarishlar fond bozorlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Buyuk Britaniyaning FTSE 100 indeksi 2 foizga oshgan, Fransiyaning CAC 40 va Germaniyaning DAX indekslari esa taxminan 2,7 foizga ko‘tarilgan.
Jahon bozorlarini qamrab oluvchi MSCI indeksi ham yangi rekordga chiqdi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi aksiyalar indeksi 2,8 foizga o‘sdi. Ayniqsa, Janubiy Koreyaning KOSPI indeksi 6,6 foizga oshib, ilk bor 7000 punktdan ko‘tarildi. Bu vaziyatlar fonida Samsung Electronics aksiyalari 14,8 foizga qimmatlashib, kompaniya qiymati 1 trillion dollardan oshgan.
Obligatsiyalar bozorida esa Buyuk Britaniyaning uzoq muddatli davlat qarzlari bo‘yicha daromadliligi biroz pasaygan. 30 yillik obligatsiyalar bo‘yicha ko‘rsatkich 5,68 foizga tushgan. Xavfsiz aktiv sifatida qaraladigan oltin narxi esa qariyb 2,5 foizga oshib, unsiyasi 4667 dollarga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH rasmiylari Eron bilan o‘zaro kelishuv memorandumini imzolashga yaqin ekanliklari haqida xabar qilingan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi