AQSH va Eron urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga yaqin – OAV

Olam

image

AQSH rasmiylari Eron bilan bir sahifalik o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashga yaqin ekanliklariga ishonmoqda. Ushbu hujjat harbiy harakatlarga chek qo‘yishi va “yadroviy masala bo‘yicha yanada batafsil muzokaralar” uchun asos bo‘lishi kerak. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Axios” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, AQSH yaqin 48 soat ichida bir nechta asosiy bandlar bo‘yicha Eronning javobini kutmoqda. Portal ma’lumotlariga ko‘ra, “hozircha hech narsa kelishib olinmagan”, biroq manbalar bu harbiy harakatlar boshlanganidan beri “kelishuvga eng yaqin kelingan lahza” ekanini ta’kidlamoqda. “Axios” nashrining aniqlik kiritishicha, AQSH Eron rahbariyatida ixtilof bor deb hisoblaydi va turli fraksiyalar o‘rtasida konsensusga erishish qiyin kechishi mumkin. Ismi oshkor etilmagan ikki mulozimning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Trampning kecha Hormuz bo‘g‘ozidagi “Ozodlik loyihasi” (Project Freedom) operatsiyasini to‘xtatib turish haqidagi qarori “muzokaralardagi ilgarilashga asoslangan”.

Memorandum 14 ta banddan iborat. Ularning orasida quyidagilar bor:

  • Mintaqada urushni to‘xtatish va ikkala davlat tomonidan Hormuz bo‘g‘ozini ochish to‘g‘risidagi batafsil kelishuv bo‘yicha 30 kunlik muzokaralar davrini boshlash;
  • Eronning uranni boyitishga moratoriy joriy etish majburiyati (12 yillik muddat muhokama qilinmoqda);
  • Yuqori darajada boyitilgan uranni Erondan olib chiqib ketish (uni AQSHga topshirish varianti ko‘rib chiqilmoqda);
  • Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lish intilishidan voz kechishi, shuningdek, yerosti yadroviy ob’ektlaridan foydalanishni to‘xtatish;
  • AQSHning sanksiyalarni bekor qilish va Eronning muzlatib qo‘yilgan milliardlab dollarlik mablag‘larini ochib berishga roziligi;
  • Eronning mamlakatda tekshiruvlar o‘tkazilishiga roziligi.

AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff va kuyovi Jared Kushner bir necha Eron rasmiylari bilan memorandumni muhokama qilmoqda. “Axios” yozishicha, muzokaralar “ham bevosita, ham vositachilar orqali” bo‘lib o‘tmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset AQSH va Eron o‘rtasidagi vaqtinchalik sulh hali ham saqlanib turganini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp kelishuv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing