AQSH va Rossiya vakillari Abu-Dabida uchrashdi
Olam
−
25 noyabr 3095 1 daqiqa
Bugun, 25 noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida AQSH Armiyasi vaziri Deniyel Driskoll Rossiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, CBS News xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, uchrashuv maqsadi – tinchlik jarayonini muhokama qilish va tezkor ravishda kelishuvga erishishdan iborat.
Manbalarga ko‘ra, Ukraina tomoni uchrashuvdan xabardor bo‘lgan. Shuningdek, Driskoll Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov bilan ham uchrashishi kutilmoqda. Hozircha delegatsiyalar tarkibi va uchrashuv formati (birgalikda yoki alohida) aniq emas.
Qayd etish joiz, avvalroq Driskoll delegatsiyasi bilan Kiyevga tashrif buyurib, Ukraina tomoni bilan AQSHning 28 bandli tinchlik rejasini muhokama qilgan. Shuningdek, u Yevropa elchilari va G‘arbiy rasmiylar bilan uchrashib, muzokaralarda “moslashuvchanlik cheklangan” ekanini bildirgan. Keyinchalik Driskoll Shveysariyaning Jeneva shahrida Ukraina va Yevropa Ittifoqi vakillari bilan muzokaralarda qatnashgan. OAVga ko‘ra, muzokaralardan so‘ng, tinchlik rejasi 19 bandga qisqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov Yevropaning takliflari samarasiz va Kreml manfaatlariga mos kelmasligi haqida aytgan edi. U Yevropa takliflari, deganda AQSH va Ukraina delegatsiyalari Jenevada muhokama qilgan o‘sha hujjat nazarda tutilgan-mi yoki yo‘q aniq aytmagan.
Live
Barchasi