AQSH Yaqin Sharqdagi harbiy muvozanatni o‘zgartirishi mumkin
Olam
−
05 noyabr 6382 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Saudiya Arabistonining 48 ta F-35 harbiy samolyotini xarid qilish haqidagi so‘rovini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda ikki manbasiga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, multimilliard dollarlik potensial kelishuv Pentagondagi muhim bosqichdan o‘tgan – bu qaror valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning AQSHga tashrifi arafasida qabul qilingan.
Bunday kelishuv Vashington siyosatida jiddiy burilish bo‘lib, Yaqin Sharqdagi harbiy muvozanatga ta’sir ko‘rsatishi va Isroilning “sifat jihatidan ustun harbiy afzalligi” siyosati doirasida yangi bahslarni keltirib chiqarishi mumkin.
Manbalarning aytishicha, Saudiya Arabistoni bu yil boshida Prezident Trampga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilgan va Lockheed Martin kompaniyasining F-35 uchoqlariga uzoq yillardan beri qiziqish bildirib kelayotganini bildirgan. Pentagon hozirda 48 ta zamonaviy samolyotni sotish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Hozircha so‘rovning aniq hajmi va uning maqomi ma’lum qilinmagan .
Ikki nafar AQSH rasmiysining ta’kidlashicha, hali qat’iy qaror qabul qilinmagan – kelishuvni amalga oshirish uchun hukumat darajasidagi bir necha bosqich, Trampning shaxsiy ma’qullovi va Kongress xabardorligi talab etiladi.
“Pentagonning siyosiy bo‘limi mazkur kelishuv ustida bir necha oy ishlagan va hujjat Mudofaa vazirligi darajasiga yetgan”, dedi manbalardan biri.
AQSH odatda Yaqin Sharqqa qurol sotishda Isroilning harbiy ustunligini ta’minlash prinsipiga amal qiladi – bu Isroilga arab davlatlariga qaraganda ilg‘orroq qurollar yetkazib berish kafolatini beradi.
F-35 — dushman radarlaridan yashirinish imkonini beruvchi stels texnologiyasi bilan jihozlangan dunyodagi eng ilg‘or qiruvchi samolyot hisoblanadi. Isroil bu samolyotni qariyb o‘n yildan beri qo‘llab kelmoqda va hozircha ushbu tizimga ega bo‘lgan Yaqin Sharqdagi yagona davlatdir.
Saudiya Arabistoni – AQSH qurollarining eng yirik xaridori, uzoq vaqtdan beri havo kuchlarini modernizatsiya qilish va xususan, Eron tahdidiga qarshi turish maqsadida F-35 samolyotlarini olishga intilib kelayotgan edi. Valiahd shahzoda bin Salmon tashabbusi bilan 2030 yilgacha bo‘lgan mudofaa islohotlari doirasida mamlakat ikkita F-35 eskadrilyasi tuzishni rejalashtirmoqda.
Tramp ma’muriyati Saudiya bilan harbiy hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanligini bir necha marta bildirgan. Saudiyaning havo kuchlari hozirda Boeing F-15, Yevropa Tornado va Typhoon samolyotlarini qo‘llaydi.
F-35 masalasi ilgari keng diplomatik muzokaralarga ham bog‘liq bo‘lgan. Bayden ma’muriyati davrida Saudiyaga F-35 sotish ehtimoli Ar-Riyodning Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishi haqidagi kelishuv bilan bog‘langan edi, ammo bu jarayon to‘xtab qolgan.
Tramp hokimiyatga qaytgach, Saudiya bilan qurol savdosini ustuvor yo‘nalish qilib belgiladi. May oyida AQSH Saudiya bilan 145 milliard dollarlik qurol bitimini imzolagan bo‘lib, Oq uy buni “Vashington tarixidagi eng yirik mudofaa hamkorlik kelishuvi” deb atagan.
Shu bilan birga, Kongressda bu kelishuvga qarshi kayfiyatlar ham mavjud. 2018 yilda jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi ortidan qator qonunchilar Saudiya bilan qurol savdolariga shubha bilan qaragan va bu munosabat hanuz saqlanib turibdi.
Bu ehtimoliy kelishuv Saudiyaning “Vision 2030” milliy rivojlanish dasturi doirasidagi keng iqtisodiy va harbiy modernizatsiya rejalariga ham mos keladi. Mamlakat so‘nggi yillarda mudofaa sohasida sheriklar doirasini kengaytirishga harakat qilmoqda, ammo AQSH bilan ko‘p yillik xavfsizlik aloqalarini ham saqlab qolmoqda.