Shavkat Mirziyoyev ham Donald Trampni O‘zbekistonga taklif qildi
Jamiyat
−
23 dekabr 2289 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampni o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi. Bu haqda u bugun, 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida so‘z ochdi.
Yetakchilar muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi. Xususan, fuqaro aviatsiyasi, avtosanoat, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, energetika va kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda o‘nlab milliard dollarlik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Amaldagi loyiha va dasturlarni samarali ilgari surish hamda yangilarini ishlab chiqish maqsadida Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etilgan. Qo‘shma Investitsiya fondini ta’sis etish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.
Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi mexanizmi ishga tushirildi. O‘zbekistonning uchta viloyati delegatsiyalari Amerika shtatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, ko‘p tomonlama hamkorlik, jumladan, “S5+1” formatining ahamiyati ta’kidlandi.
Suhbat yakunida tomonlar oliy darajadagi faol muloqotlarni davom ettirish niyatini tasdiqladi hamda amaliy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tashabbus va dasturlarni ilgari surishga kelishib oldi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 7 noyabr kuni (Vashington vaqti bilan 6 noyabr)AQSH Prezidentining rasmiy qarorgohi – Oq uyda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “S5+1” formatidagi sammitida ishtirok etib, keyingi sammitni 2026 yilda Samarqand shahrida — bu formatga asos solingan maskanda o‘tkazishni taklif qilgan. Bundan oldin ham 23 sentyabr kuni BMT bosh qarorgohida tashkilot Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni Samarqandga taklif qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 23 dekabr kuni Donald Tramp Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan ham telefon orqali gaplashgandi. To‘qayev ham Trampni Qozog‘istonga taklif qildi. Tramp esa Qozog‘iston va O‘zbekiston Prezidentlarini 2026 yilda AQSHning Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan G20 davlatlari sammitiga mehmon sifatida taklif qilgan.