Tramp o‘zbekistonliklarni Yangi yil bilan tabrikladi
Jamiyat
−
23 dekabr 1788 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqiga o‘zining hamda AQSH xalqining samimiy salomi hamda tabriklarini yo‘llab, Yangi yilda baxt-saodat, muvaffaqiyatlar va yangi zafarlar tiladi. U bu tilaklarini bugun, 23 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti bilan telefon muloqoti paytida bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev ham suhbat avvalida AQSH Prezidentini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayramlari bilan tabriklab, do‘st Amerika xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini, shuningdek, O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollarini batafsil ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston yetakchisi Prezident Donald Trampning joriy yilda ichki va tashqi siyosatda erishgan muvaffaqiyatlariga yuksak baho berib, uning o‘tkir xalqaro inqirozlar va mojarolarni hal etish borasidagi samarali sa’y-harakatlarini alohida ta’kidladi.
Ikki tomonlama siyosiy muloqot va almashinuvlar, ayniqsa, yetakchilar darajasida faollashib, mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab bergani va uni aniq mazmun bilan boyitgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev Tramp bilan oxirgi marta joriy yil 7 noyabr (Vashington vaqti bilan 6 noyabr) kuni Oq uyda uchrashgan. O‘shanda Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yaqin uch yil ichida O‘zbekiston Amerikaning muhim minerallar, aviatsiya, avtomobil butlovchi qismlari, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika va kimyo, axborot texnologiyalari va boshqa muhim tarmoqlariga qariyb 35 milliard dollar, kelgusi o‘n yilda esa 100 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritishi va xaridlarni amalga oshirishini yozib qoldirgan.
Eslatib o‘tamiz, bugangi telefon suhbatidan keyin ham Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida O‘zbekiston yetakchisini G20 sammitida mehmon sifatida ishtirok etishga taklif qilganini yozgandi.