AQSH JCHni g‘alaba bilan boshladi
Sport
−
08:19 2436 2 daqiqa
Bugun, 13 iyun kuni 2026 yilgi Jahon chempionatining “D” guruhi doirasida AQSH va Paragvay terma jamoalari o‘rtasidagi 1-tur uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bahs amerikaliklarning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
AQSHning Inglvud shahridagi “Sou-Fay” arenasida o‘tkazilgan uchrashuvni niderlandiyalik hakam Denni Makkeli boshqarib bordi.
Hisob 7-daqiqada ochildi. Paragvaylik yarim himoyachi Damian Bobadilya o‘z darvozasini ishg‘ol qilib, AQSHni oldinga olib chiqdi. 29-daqiqada Folarin Balogun gol urgan bo‘lsa-da, ofsayd sababli u inobatga olinmadi.
Biroq oradan ikki daqiqa o‘tib, amerikalik hujumchi baribir o‘z nomini tabloga yozdirishga muvaffaq bo‘ldi. Balogun 31-daqiqada jamoasining ikkinchi golini kiritdi. U birinchi bo‘limning 45-daqiqasida yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, dubl qayd etdi.
Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Paragvay Maurisioning goli evaziga hisobdagi farqni qisqartirdi. Biroq uchrashuvga qo‘shib berilgan vaqtning 90+8-daqiqasida Jovanni Reyna AQSHning to‘rtinchi golini urdi va bahsga yakuniy nuqtani qo‘ydi.
Shu tariqa, AQSH terma jamoasi Jahon chempionatini ishonchli g‘alaba bilan boshlab, dastlabki turdan so‘ng 3 ochko bilan “D” guruhida peshqadamga aylandi. Paragvay esa hozircha ochkosiz qolmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur guruhdan Turkiya va Shveysariya terma jamoalari ham o‘rin olgan.
O‘yinda kiritilgan gollarni ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi