AQSH JSSTdan 260 mln dollar qarzini to‘lamay chiqib ketdi
Olam
−
23 yanvar 3317 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari 2025 yil yanvar oyida Prezident Donald Trampning farmoni bilan boshlangan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan (JSST) chiqishni yakunladi. Bu haqda kecha, 22 yanvar kuni AQSH Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi e’lon qildi.
Qayd etilishicha, AQSH hukumati tashkilotdan chiqishdan oldin JSSTga to‘lovlarni amalga oshirmagan. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatning JSSTdan qarzi 130 million dollardan 260 million dollargacha baholanmoqda.
Qo‘shma Shtatlar JSSTdan chiqish sababi sifatida tashkilotning Xitoyning Uxan shahrida boshlangan COVID-19 pandemiyasiga yetarlicha javob bermagani, shoshilinch zarur islohotlarni amalga oshira olmagani va JSSTga a’zo davlatlarning ortiqcha siyosiy ta’siridan mustaqilligini namoyish eta olmagani bilan izohlagan.
AQSH Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi va Davlat departamentining qo‘shma bayonotida AQSH bir yil davomida JSST loyihalarini moliyalashtirmaganligi yoki hech qanday xayriya qilmaganligi aytilgan.
“Amerika xalqi yetarli miqdordan ko‘proq pul to‘ladi”, deydi Davlat departamenti vakili.
“Reuters”ning yozishicha, Qo‘shma Shtatlar JSSTning eng yirik yagona donori bo‘lib, tashkilotning umumiy moliyalashtirishining taxminan 18 foizini tashkil etgan. AQSHning chiqib ketish rejalari fonida JSST 2026 yil o‘rtalariga borib o‘z xodimlarining taxminan to‘rtdan bir qismini qisqartiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH pul berishni to‘xtatgani ortidan JSST bo‘limlar sonini 76 tadan 34 taga, shuningdek, xodimlarini ham qisqartirishga majbur bo‘layotgani haqida xabar berilgan edi.
Aliqulov Javohir